Madaniyat

Lola Karimova-Tillyayeva Mirzo Ulugʻbek haqidagi film treylerini havola etdi

© StringerPoster k filmu "Ulug Bek. Cherez ternii k zvezdam"
Poster k filmu Ulug Bek. Cherez ternii k zvezdam - Sputnik Oʻzbekiston
Jahon kinosi yulduzlari Vinsent Kassel, Armand Assante, Frantsisko Ovalle ishtirok etgan filmga Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush oʻrtogʻi Timur Tillyayev kinoprodyuserlik qilishgan

TOSHKENT, 30 may — Sputnik. Oʻzbekistonning YUNESKOdagi Doimiy vakili Lola Karimova-Tillyayeva "Mirzo Ulugʻbek. Osmon toqiga qoʻyilgan narvon" hujjatli filmining rasmiy treylerini havola etdi.

U oʻrta asrlar buyuk olim va mutafakkiri, Samarqand hukmdori Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlangan ushbu hujjatli film Iskya va Venetsiyada (Italiya) boʻlib oʻtadigan nufuzli xalqaro kinofestivallarda ishtirok etishini maʼlum qildi.

Filmga Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush oʻrtogʻi Timur Tillyayevlar kinoprodyuserlik qilishgan.

Lola Karimova-Tillyayevaning yozishicha, film rejissyori Bahodir Yuldoshev ushbu kinokartinada XV asrning buyuk astronomi hamda Movarounnahr hukmdori hayotidagi fojialar, mushkulotlar va zafarlarni aks ettirishga harakat qilgan.

"Bu ulugʻ inson haqida film yaratish gʻoyasi menda koʻp yillar avval paydo boʻlgan. Taʼbir joiz boʻlsa, Mirzo Ulugʻbek shaxsi meni bolalagimdan oʻziga maftun etgan. U nainki qomusiy bilimlar egasi, yetuk olim va sulhparvar hukmdor, oʻz davri uchun favqulodda sanalgan xislatlar sohibi ham edi. Sirasini aytganda, Ulugʻbek zamon va makon sarhadlarini oshib oʻtgan umrboqiy siymodir", — deya taʼkidlaydi Lola Karimova-Tillyayeva.

"Ushbu kinokartinani Oʻzbekistonda tugʻilib-oʻsgan, mavzuni teran his etadigan ijodkor yaratishi kerak edi. Bu jihatdan, Bahodir filmni suratga olish haqidagi taklifimizni mamnuniyat bilan qabul qilganidan xursandman. U koʻz ochib yumguncha ulugʻ olim va hukmdor yashagan davrga shoʻngʻib ketdi", deb yozadi u.

Filmda AQSH, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Daniya, Rossiya, Oʻzbekiston va Niderlandiyaning yetakchi olim va mutaxassislari Mirzo Ulugʻbek hayoti va faoliyati xususidagi mulohazalari bilan oʻrtoqlashadi.

Filmni suratga olishda Oksford universitetining Bodlian kutubxonasi, Britaniya muzeyi, Frantsiyaning Observatoire de la Cote d'Azur rasadxonasi hamda Oksfordning St. John's kolleji va Ilm-fan tarixi muzeyi artefaktlari, qoʻlyozmalari va eksponatlaridan foydalanilgan. Suratga olish jarayoni Priston universiteti, Griffit rasadxonasi va Kaliforniya universitetida ham olib borildi.

Poster k filmu - Sputnik Oʻzbekiston
Madaniyat
Gollivud aktyorlari suratga tushgan Mirzo Ulugʻbek haqidagi film ekranlarga chiqadi

Kinokartinada jahon kinosi yulduzlari Vinsent Kassel, Armand Assante, Frantsisko Ovalle hamda milliy kino ustalarimizdan Maʼruf Otajonov, Javohir Zokirov va Hoshim Arslonovlar ishtirok etdi.

Film musiqasi esa 1999 yilda "Titanik" filmiga yozilgan "My Heart Will Go On" qoʻshigʻi uchun "Gremmi" mukofotiga sazovor boʻlgan Hollivudning mashhur bastakori Uolter Afanasyeff tomonidan maxsus yaratildi.

Xonanda Sevara Nazarxon ijrosidagi saundtrek esa filmga oʻzgacha joziba baxsh etdi.

Sohibqiron Amir Temurning nevarasi boʻlmish Mirzo Ulugʻbek dunyo ilm-fanida oʻchmas iz qoldirgan. Samarqand uning hukmronligi davrida astronomiya sohasida tadqiqotlar oʻtkaziladigan xalqaro markazga aylandi. Ulugʻbek bunyod ettirgan muazzam rasadxonada oʻz davrining peshqadam olimu fuzalolari jam boʻlgan edi.

Alloma tartib bergan astronomiya jadvalida 1118 ta yulduzning holati va joylashuvi mufassal bayon etilgan. U hisoblab chiqqan yil uzunligi natijalari esa zamonaviy hisob-kitoblardan atigi 25 soniyaga farqlanadi.

Buyuk olim, shuningdek, Yer sayyorasi oʻqining ogʻish burchagi 23,52 gradusni tashkil etishini aniqladi, ushbu ilmiy natija ham hozirga qadar eng aniq koʻrsatkich deya eʼtirof etiladi.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.
Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala