TOSHKENT, 10 iyun — Sputnik. 10 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Taomilga binoan Qurʼon tilovat qilindi, deyiladi prezidentning rasmiy veb saytida.
Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etilmoqda.
Oʻzbekiston rahbari qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi. Qurilish loyihasiga koʻra, Hazrati Xizr maqbarasi atrofida milliy meʼmorlik anʼanalari asosida qoʻshimcha ayvonlar, choyxona qurilmoqda, boshqa qulayliklar yaratilmoqda. Davlat rahbariga mazkur qurilish obeʼktlarining loyihalari haqida soʻzlab berildi.
Shavkat Mirziyoyev Birinchi prezident maqbarasi Hazrati Xizr masjidi bilan uygʻun boʻlishi zarurligini taʼkidladi. Ayvonlar maqbara bilan hamohang boʻlishiga alohida eʼtibor qaratish zarurligini qayd etdi.
Uni yanada takomillashtirish, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratish boʻyicha tavsiyalar berdi. Majmua atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, zamonaviy tungi yoritish tizimi bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.