TOSHKENT, 10 iyun — Sputnik. Milliy bank huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlari eksportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Xitoyda vakolatxonasini ochadi. Veyxay shahri importchilar palatasi bilan tegishli kelishuv imzolandi, deb xabar berdi "Podrobno.uz".
Jamgʻarma yaqin kelajakda Latviya, Singapur, Portugaliya, Chexi, Lyuksemburg, Polsha, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlarda oʻz vakolatxonalarini ochishni rejalashtirgan. Hozirda Rossiya, Janubiy Koreya, Italiya, Bolgariya, Shveytsariya, Germaniya va Ispaniyada jamgʻarma vakolatxonalari faoliyat koʻrsatmoqda.
Jamgʻarma vakolatxonalarining asosiy vazifasi marketing tadqiqotlari oʻtkazish, oʻzbek mahsulotlari uchun salohiyatli importchilar topish, oʻzbek brendlarini xorij bozorlarida tanitish, oʻzbekistonlik tadbirkorlarning koʻrgazma, yarmarka, tender savdolari va boshqa tadbirlarda ishtirokini tashkil etishdan iborat.
Jamgʻarma Oʻzbekiston prezidentining qarori bilan 2013 yilda tashkil etilgan.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.