Migratsiya

Oʻzbekistondan chetga ishga ketish va kunning boshqa dolzarb masalalari haqida intervyu

© Sputnik / Ilya Pitalev / Fotobankka oʻtishMehnat migrantlari
Mehnat migrantlari - Sputnik Oʻzbekiston
Bugun aksariyat oʻzbekistonliklar Rossiyada ishlashmoqda. Mehnat migrantlari chet elda ishlash bilan birga oʻz kelajaklari haqida qaygʻuryaptilarmi? Yangi joriy etilayotgan qonunga koʻra, endilikda qonuniy ishlagan mehnat migrantlari kelajakda pensiyasiz qolmaydi

TOSHKENT, 12 iyun — Sputnik. Qonuniy ishlagan kelajakda pensiyasiz qolmaydi, deb taʼkidladi Xalq soʻzi muxbiri Ruslan Kenjayev bilan boʻlib oʻtgan suhbatda Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi huzuridagi Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan koʻniktirish va oʻqitish markazi direktori Shukur Burhonxoʻjayev.

Delegatsiya Rostruda posetila Uzbekistan - Sputnik Oʻzbekiston
Migratsiya
Rossiyada ishlayotgan migrantlarning staji va pensiya taʼminoti muhokama qilindi
Nashrda qayd etilishicha, Oʻzbekistonda fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish, ularning huquqlari himoyasini taʼminlash boʻyicha faol ish olib borilayapti. Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan "Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmoni ham ushbu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unda aholining tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish tizimini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.

— Mamlakatimizda yangi sharoitlarda mehnat migratsiyasiga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgarmoqda, — deydi SH. Burhonxoʻjayev. — Migrantlarning yurtimiz iqtisodiyotiga, ayni paytda ular ishlayotgan mamlakatlar taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi katta. Oʻz navbatida, chet mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya etishga ustuvor ahamiyat qaratilayapti. Hozirgi kunda Aholi tashqi mehnat migratsiyasi agentligining faol ishtirokida ushbu sohadagi huquqiy asoslar takomillashtirilmoqda. Ishga yollash (rekruting), mehnat migratsiyasi toʻgʻrisidagi qonun loyihalari ishlab chiqilayapti, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilmoqda.

Rabota v tsexe shveynoy fabriki - Sputnik Oʻzbekiston
Migratsiya
Mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni Moskva viloyatiga ishga taklif etmoqda

Ana shunday amaliy ishlardan bir misol. Yaqingacha xususiy mehnat shartnomasi asosida xorijda mehnat faoliyati uchun hujjatlarni rasmiylashtirish hamda litsenziya olishga ikki oygacha vaqt ketar edi. Endilikda bu muddat 15 kunni tashkil qiladi. Rasmiylashtirish jarayonini yanada soddalashtirish boʻyicha ishlar olib borilayapti. Agentlik fuqarolarning ishlash uchun xorijga chiqishiga biror-bir tartib toʻsqinlik qilmasligi kerak, deb hisoblaydi. Shu sababli yurtdoshlarimizning xorijga chiqib ishlash jarayonini iloji boricha soddalashtirish ustida bosh qotirilayapti.

- Maʼlumki, mehnat migrantlarimizning katta qismi Rossiyada ishlashadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur mamlakatga qilgan davlat tashrifida ushbu yoʻnalishda muhim kelishuvga erishildi. Bu Rossiyaga ishlash uchun bormoqchi boʻlgan fuqarolarimizga nima beradi?

— Tashrif doirasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish toʻgʻrisida hamda Migratsiya sohasida vakolatli organlarning vakolatxonalarini oʻzaro taʼsis etish toʻgʻrisida bitimlar imzolandi. Shuningdek, migratsiya sohasida hamkorlikning xalqaro tan olingan shakllarini yanada rivojlantirishga koʻmaklashish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Podpisaniye dokumentov - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Rossiya va Oʻzbekiston mehnat migratsiyasi boʻyicha kelishuv imzoladi
Imzolangan bitimlar bu boradagi ahvolni oʻzgartirib, odamlarning qonuniy ishlashga boʻlgan ragʻbatini oshiradi. Mazkur hujjatlar mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishning asosiy tamoyillarini belgilab beradi. Hozirgi vaqtda ularni hayotga tatbiq etish mexanizmlari ishlab chiqilayapti. Hukumatlararo bitim qoidalariga koʻra, mehnat migrantlarini uyushgan holda yollash va jalb qilishda ishtirok etayotgan ish beruvchi ularni tegishli standart va sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan yashash joyi, xavfsiz mehnat sharoiti bilan hamda mehnat muhofazasini taʼminlashi kerak boʻladi. Binobarin, ish joyida xavfsizlik texnikasiga rioya etilishi, Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kam boʻlmagan oylik-maosh toʻlovini kafolatlashi lozim. Ish beruvchilar xodimlarni Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi talablari boʻyicha tuzilgan mehnat shartnomalari asosida yollaydi. Unga muvofiq, ishchi-xodim dam olish huquqiga ega boʻladi, oʻzaro kelishuvga asosan, Oʻzbekistondagi rasmiy bayram kunlarida ham dam olishlari mumkin.

Shu bilan birga, yuqorida aytilganidek, ikki mamlakat hududida migratsiya sohasida vakolatli organlarning vakolatxonalarini oʻzaro taʼsis etish toʻgʻrisida bitim imzolandi. Ular hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish barobarida, fuqarolarning mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida axborot toʻplash, tahlil qilish, vakolatlari doirasida ularning huquqlari himoyasi bilan shugʻullanadi. 2017-2018 yillarda Moskva, Sankt-Peterburg, Belgorod, Krasnodar, Kaliningrad, Vladivostok, Xabarovsk, Krasnoyarsk, Novosibirsk, Yekaterinburg, Tyumen, Volgograd, Qozon va Mineralniye Vodida vakolatxonalar ochish koʻzda tutilayapti.

— Fuqarolarimizning qaysi mutaxassisliklar boʻyicha Rossiyada ishlashini uyushgan holda tashkil etish rejalashtirilayapti? Ushbu mamlakatda qonuniy mehnat qilish qanchaga tushadi?

- Rossiyadagi ish beruvchilar taklif etgan barcha mutaxassislik boʻyicha uyushgan holda ishga qabul qilish tashkil qilinadi. Hozirgi kunda haydovchilar, tikuvchilar, quruvchilar, tokarlar va boshqa mutaxassisliklar boʻyicha tanlov ketayapti.

Shu oʻrinda toʻlov toʻgʻrisida. Huquqiy hujjatlarga koʻra, agentlik xoʻjalik tashkiloti boʻlib, davlat byudjetidan mablagʻ olmaydi. Hujjatlarni, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, berish va muddatini uzaytirish uchun olingan mablagʻlar idora faoliyatini moliyalashtirishda muhim manba hisoblanadi. Mavjud tariflar Bandlik va —mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

Ish topish, chet ellarda mehnat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish xizmatlari haqi eng kam ish haqining 4 baravari, yaʼni qariyb 600 ming soʻm miqdorida belgilangan. Boʻlgʻusi mehnat migranti, shuningdek, Chet ellarga ketayotgan fuqarolarni oldindan koʻniktirish va oʻqitish markazi kurslari uchun ham haq toʻlashi mumkin.

Bu Rossiya, Polshaga borishni istaganlar uchun 600 ming, Janubiy Koreyaga boradiganlarga 900 ming soʻm atrofida. Mazkur kurslarda mehnat migrantiga borayotgan davlat qonunlari, anʼanalari tushuntiriladi, muloqot qilish va ish uchun yetarli darajada til oʻrgatiladi, xavfsizlik texnikasi qoidalari va mehnat muhofazasi talablari haqida batafsil axborot beriladi. Yil boshidan beri ushbu markazda qariyb 500 kishi tahsil oldi.

Ayni paytda kompleks tibbiy koʻrikdan oʻtish kerak boʻladi. Bunga 127 ming 500 soʻm ketadi. Agentlik doirasida sarflanadigan xarajatlar — shular. Ammo xodim, misol uchun, Rossiyada ishlaydigan boʻlsa, patent uchun ham toʻlov qilishi kerak boʻladi. Bundan tashqari, chipta, ish joyiga yetib olish uchun yoʻl haqi, viza tartibi amal qiladigan davlat uchun esa viza toʻlovlarini amalga oshirishi lozim.

Albatta, hammada ham yuqorida qayd etilgan toʻlovlar uchun yetarli darajada mablagʻ boʻlmasligi mumkin. Shu sababli ham agentlik moliya muassasalari va ayrim ish beruvchilarning eʼtiborini mazkur muammoni hal qilishga qaratmoqda. Yurtimiz hamda —Rossiyaning qator banklari ishga ketayotganlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, oʻqitish, yoʻlkira hamda dastlabki yashash joyi uchun qisqa muddatli kreditlar ajratish istagini bildirishdi. Bunda kredit toʻlovi ish joyida oylik maoshidan ushlab qolish orqali qoplanadi. Bir qator ish beruvchilar nafaqat yoʻl haqini, ayni paytda patent uchun ketadigan mablagʻlarni ham koʻtarishga tayyor. Bu mablagʻlar keyinchalik xodimning oylik maoshidan ushlab qolinadi.

- Yuqorida Polshani tilga oldingiz. Yaqinda ommaviy axborot vositalarida ushbu mamlakat yurtimizdan ishchilarni yollashga qiziqayotgani haqida axborotlar paydo boʻlgan edi. Shu xususda toʻliqroq maʼlumot bersangiz.

— Ushbu yoʻnalishda hamkorlik joriy yilning 8 fevral kuni boshlangan edi. Oʻshanda Polshaning "JP Construct sp.z.o.o." kompaniyasi bilan Oʻzbekiston fuqarolarini mazkur mamlakatga ishga jalb qilish va yollash toʻgʻrisida bitim imzolandi. Kompaniya Yevropaning ushbu davlatida yiliga 2,5 ming yurtdoshimizni ish bilan taʼminlashni rejalashtirgan. Joriy yil mart oyida agentlik delegatsiyasi Polshaga tashrif buyurdi. Lodzin va Lyublin hududlari gubernatorlari bilan uchrashuvlarda agentlik taqdimoti oʻtkazildi hamda mazkur hududlarning yirik biznes tuzilmalari uchun brifinglar tashkil qilindi. Koʻplab yetakchi kompaniyalar bilan kelajakdagi hamkorlik boʻyicha hujjatlar imzolandi.

Hozirgi kunda "JP Construct sp.z.o.o." kompaniyasi 50 nafar kishini tanlab oldi. Yaqin kunlarda ular ushbu mamlakatga ketishadi. "Arrou" kadrlar agentligi haydovchilar, muzlatkichli tsexlar uchun ishchilar, boshqa ixtisosliklar boʻyicha mutaxassislar soʻrab murojaat qilgan. Ular oddiy talablarni qoʻyishmoqda, yaʼni xodim mehnatga layoqatli va sogʻlom, malaka hamda tajribaga ega boʻlishi, boradigan mamlakatning tili va qonunlarini maʼlum darajada bilishi lozim.

- Mehnat sohasida koʻp yillik hamkorimiz — Janubiy Koreya bilan munosabatlar qanday rivojlanayapti?

Janubiy Koreya - Sputnik Oʻzbekiston
Migratsiya
Eshitdingizmi, Koreya oʻzbekistonliklar uchun viza berishni osonlashtiradi
- 2007 — 2017 yillarda Janubiy Koreyaga "erkin yollash" tizimi boʻyicha 27 ming nafardan ortiq yurtdoshlarimiz yuborildi. Natijada minglab kishilar mamlakatimizga yangi tajriba va bilim bilan, eng zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirib qaytishdi. Bugun ular turli sohalarda faoliyat yuritishmoqda. Birgina joriy yil boshidan beri 343 kishi Janubiy Koreyada ishlashga qayta borish imkoniyatiga ega boʻldi. Birinchi chorakda agentlik tomonidan ushbu mamlakatga 551 nafar Oʻzbekiston fuqarosi yuborildi. Hozirgi kunda "Tong bokiraligi" oʻlkasida 16,5 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz mehnat qilmoqda. Agentlik muntazam mehnat migrantlari faoliyatini monitoring qilib bormoqda. Janubiy koreyaliklar esa yurtdoshlarimiz haqida ijobiy fikr bildirishmoqda.

Hamkorlarimiz bilan birgalikda yollash tizimi takomillashtirilayapti. Biz xodimlarning Koreya Respublikasiga borishiga tayyorgarlik muddatini qisqartirish mexanizmini ishlab chiqdik. Natijada ushbu muddat ikki barobar qisqartiriladi hamda 15 — 35 kunni tashkil qiladi.

- Agentlik orqali boshqa mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham bor. Ushbu davlatlarda qanday mutaxassislarga koʻproq ehtiyoj mavjud?

— Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha faol ish olib borilmoqda. Tegishli vazirliklar oʻzaro anglashuv memorandumini imzolagan, boshqa qoʻshma shartnomalar ham mavjud. Joriy yilda 14 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Kunchiqar mamlakatning yetakchi kompaniyalarida uch yil davomida malaka oshiradigan boʻldi. Oʻmon va Turkiya davlatlari bilan ham ushbu sohada —bitim tuzish maqsadida muzokaralar olib borilayotir.

- Maʼlumki, mehnat migratsiyasi qoida tariqasida bir necha yil davom etadi. Odamlar ishlab boʻlgach, Vataniga qaytadi. Albatta, qariganda pensiya olishi kerak. Ular Pensiya jamgʻarmasiga toʻlovni qanday amalga oshirishadi?

— Xodim chet eldan qaytganidan soʻng uch kun ichida vakolatli organ tomonidan uning pasportidagi chegarani kesib oʻtganligini tasdiqlovchi shtamp asosida qaysi mamlakatda va qancha muddat ishlagani toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi. U Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badali toʻlash va mehnat daftarchasiga qayd kiritish uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Chet elda boʻlish muddatlari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar va konsulliklar tomonidan ham tasdiqlanishi mumkin.

Xodim kelajakda qancha pensiya olish istagidan kelib chiqqan holda Pensiya jamgʻarmasiga kiritadigan sugʻurta badali miqdorini oʻzi belgilaydi. Bunda oylik toʻlov miqdori eng kam ish haqining bir baravaridan kam boʻlmasligi kerak. Sugʻurta badallarini naqd yoki naqdsiz toʻlash mumkin.

Chet elda ishlayotgan fuqaroning mehnat daftarchasi uning doimiy yashash manzili boʻyicha Pensiya jamgʻarmasi boʻlimida saqlanadi va yuritiladi. Pensiya jamgʻarmasiga —badal kiritilgan davrgina mehnat stajiga qoʻshiladi. Shunday qilib, fuqarolar agentlik orqali qaysiki mamlakatda ishlamasin, mehnat staji toʻplaydi, sugʻurta badallarini toʻlaydi hamda qariganda oʻzi uchun munosib pensiyani kafolatlaydi.

Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala