Prezidentning Toshkent viloyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qarori e’lon qilindi

© Sputnik/Viktor TolochkoPismenniy nabor glavi gosudarstva
Pismenniy nabor glavi gosudarstva - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Toshkent viloyatidagi avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi

TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Toshkent viloyatining ma’muriy-hududiy tuzilishini hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa shahri negizida viloyat bo‘ysunuvidagi shahar turkumiga kiradigan To‘ytepa shahrini tuzish va uni Toshkent viloyatining ma’muriy markazi etib belgilash, Ohangaron va Yangiyo‘l shaharlarini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish hamda Zangiota tumani hududi chegarasi doirasida Zangiota va Toshkent tumanlarini tashkil etish to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga taklif kiritish topshirildi.

Tuytepa shahri - Sputnik O‘zbekiston
Toshkent viloyati ma’muriyati To‘ytepaga ko‘chiriladi

Qarorga muvofiq, Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Aholining ehtiyoj va talablarini o‘rganish asosida shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash, shaharlarning muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shuningdek, zamonaviy tejamkor texnologiyalar bilan jihozlash tadbirlarini amalga oshirish, shaharlardagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish ham uning vazifasiga kiradi.

Hujjatga binoan, Toshkent viloyatidagi avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev vo vremya vizita v Surxandarinskuyu oblast - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev obyektlarning xususiylashtirilgandan keyingi ahvoli bilan qiziqmoqda

Mazkur komissiya bir oy muddatda avval xususiylashtirilgan qurilishi tugallanmagan obyektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini ta’minlaydi va ularning ro‘yxatini shakllantiradi.

Bundan tashqari, ro‘yxatga kiritilgan har bir qurilishi tugallanmagan obyekt va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonidan samarali foydalanish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tasdiqlaydi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi.

Qarorda Toshkent viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyatiga qo‘shimcha 5 ta shtat birligi ajratilishi va viloyat hokimligi huzurida 35 ta shtat birligidan iborat bo‘lgan Turizmni rivojlantirish departamenti tashkil qilinishi ko‘rsatilgan.

Mazkur departament ikki tomonlama — viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Turizmni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga bo‘ysunadi.

Turizm sohasidagi tadbirkorlik rag‘batlantiriladi

Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligiga Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda "Parkent" erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston prezidentining Farmoni loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Qaror viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yanada jadallashtirish, shaharlardagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, viloyatning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini takomillashtirish va ularning mas’uliyatini yanada kuchaytirish, shahar va tumanlar aholisining farovonligini oshirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida qabul qilindi.

Yangiliklar lentasi
0