Tadbirkorlar kredit uyushmalarini tiklash va soliqni pasaytirishni taklif qilishmoqda

Obuna bo‘lish
Tadbirkorlarning aksariyati bank operatsiyalari bo‘yicha vositachilik haqi miqdorining yuqoriligi, tijorat banklari bilan raqobatlasha oladigan moliyaviy institutlarning mavjud emasligi, soliq yukining hanuz yuqoriligini bildirishgan

TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Iqtisodiyot vazirligi maxsus so‘rov shakli orqali tadbirkorlarning o‘z faoliyatidagi muammoli masalalarni yechishga hamda mamlakatda ishbilarmonlik muhiti holatini yaxshilashga qaratilgan taklif va mulohazalarini o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Bir haftadan kam bo‘lgan muddat ichida tadbirkorlardan qonunchilikdagi nomutanosibliklar hamda tadbirkorlikning rivojlanish yo‘lidagi tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha 80 dan ortiq takliflar kelib tushdi.

Sentralniy bank Uzbekistana - Sputnik O‘zbekiston
Mikrokredit uchun bankka buyurtmani elektron shaklda berish mumkin

Ma’lum qilinishicha, kelib tushgan takliflarning ko‘pchiligi bank sohasidagi muammolarni yechishga qaratilgan.

Tadbirkorlar bank operatsiyalari bo‘yicha vositachilik haqi miqdorining yuqoriligini ko‘rsatishmoqda. Masalan, xorazmlik tadbirkor tomonidan kredit olishda taqdim etilgan hujjatlarni kredit komissiyasi ko‘rib chiqishi uchun qo‘shimcha haq olinishi, shuningdek garov ta’minotini sug‘urtalash hamda uni baholash, kredit hujjatlarini notarial tasdiqlash va boshqa jarayonlar uchun ketgan xarajatlar tadbirkorlar tomonidan qoplanishi lozimligi qayd etilgan.

Shu bilan bir qatorda, tijorat banklariga moliyaviy ko‘mak so‘rab murojaat qilayotgan tadbirkorlarga jiddiy moliyaviy yuk bo‘layotgan sabablar qatorida tijorat banklari tomonidan mablag‘larni konvertatsiya qilish, akkreditivlarni ochish, konvertatsiya qilingan mablag‘larni chet ellik hamkorlarning hisob raqamlariga o‘tkazish va boshqa xizmatlar uchun abonent to‘lovlari hamda boshqa vositachilik foizlari o‘rnatilganligi sanab o‘tilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar biznes faoliyatini yuritish uchun arzon moliyaviy resurslar yetishmayotganligini qayd etib, tijorat banklari bilan raqobatlasha oladigan moliyaviy institutlarning mavjud emasligini ko‘rsatishmoqda. Mazkur holatni bartaraf etish uchun respondentlar tijorat banklariga haqiqiy raqobatchiga aylanuvchi kredit uyushmalarining faoliyatlarini tiklashni taklif etmoqdalar. Bu esa o‘z navbatida, kreditdan foydalanish uchun foiz stavkalari kamayishiga sabab bo‘ladi.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev tadbirkorlarga imkoniyat va sharoit yaratib berish kerakligini ta’kidladi

Shuningdek, so‘rov qatnashchilarining mulohazalariga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan ular tavsiya etgan baholovchi tashkilotning baholash to‘g‘risidagi hisobotini talab qilmasdan yoki baholangan garov ta’minotining qiymatini o‘zlarining xohishiga ko‘ra kamaytirmasdan mustaqil baholovchi tashkilotlarning baholash to‘g‘risidagi hisobotlarini banklar tomonidan so‘zsiz qabul qilinishiga erishish lozim.

Kichik biznes subyektlari vakillarining ko‘pchiligi iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichiga (IFUT) o‘tish natijasida vujudga kelgan muammolarni qayd etishmoqda. Statistika, soliq va moliyaviy hisobotlar uchun IFUTning joriy qilinishi natijasida XXTUT bo‘yicha avval kichik biznes subyektlari hisoblangan iqtisodiyotning ayrim tarmoqlaridagi korxonalar yirik korxonalar toifasiga o‘tkazilgan edilar. Natijada ularning ko‘pchiligi hozirgi vaqtda umumbelgilangan soliq rejimiga o‘tib qolishlari hamda soliq yukining birdaniga oshib ketishi sababli yangi sharoitlarga asta-sekin moslashuv bosqichlarini bosib o‘tmasdan yirik korxonalar bilan raqobatlashish imkoniyatiga ega emaslar.

Yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib, kichik biznes vakillari kichik korxonalar xodimlarining cheklangan soni bo‘yicha belgilangan talablarni tuzatish yoki muqobil variant sifatida ham davlat, ham xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qanoatlantiruvchi oqilona soliq stavkalarini belgilagan holda ularga o‘rta biznes maqomini berishni taklif etishmoqda.

So‘rov qatnashchilarining ayrim izohlarida tadbirkorlik subyektlari uchun soliq yukining hanuz yuqoriligicha qolayotganligi ta’kidlanmoqda. Xususan, tadbirkor Sh. Niyazmetov tomonidan tadbirkorlar ish haqining "konvert"larda to‘lash holatiga barham berish uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 25 foizdan 10 foizga tushirish taklif etilmoqda, A. Atajanov esa xodimlarning cheklangan soni 10 kishigacha bo‘lgan mikrofirmalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 5 foizdan 3 foizgacha pasaytirishni taklif etmoqda.

Qiynalib qolgan halol soliq to‘lovchilarga soliq ta’tillari berilishi mumkin

Bundan tashqari, tadbirkorlar korxonalarga qayta ishlash va ishlab chiqarish faoliyatida xomashyo sifatida foydalanish uchun aholidan sut, go‘sht, tuxum, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa shu kabi oddiy xomashyo resurslarini naqd pulli hisob-kitoblarga xarid qilishdagi mavjud qiyinchiliklarni ko‘rsatib o‘tishmoqda.

Ularning fikricha, korxonalarga aholidan naqd pulga xomashyo va mahsulotlarni xarid qilishga ruxsat berish ularning norasmiy to‘lovlarini kamaytirish va shu orqali mahsulotlar narxlarining shakllanishi va ularning tovar bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan korxonalarning xarajatlarini maqbullashtirish imkonini beradi.

Tegishli chora-tadbirlar qabul qilish maqsadida vakolatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ko‘rib chiqish uchun barcha takliflar, shuningdek ularning tadbirkorlik rivoji uchun kutilajak ta’siri vazirlikning tegishli bo‘linmalari tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilmoqda.

Yangiliklar lentasi
0