Endi toʻylarda dabdabaga yoʻl qoʻyilmaydi - Prezident qarori

© Sputnik / Vladimir Vyatkin / Fotobankka oʻtishToʻy korteji
Toʻy korteji - Sputnik Oʻzbekiston
Oʻzbekiston prezidenti ziyolilar bilan oʻtkazgan uchrashuvida toʻy-hashamlar bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatayotgani haqida gapirdi

TOSHKENT, 4 avg — Sputnik. Bosh vazir Abdulla Aripovga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yoʻl qoʻymasdan oʻtkazish boʻyicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi topshiriladi.

Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni ziyolilar bilan oʻtkazgan uchrashuvida maʼlum qildi.

Nikohdan oʻtish marosimi - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Duv-duv gap: Toshkentlik kuyovning korteji butun Oʻzbekistonni hayratga solmoqda
"Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yana bir muhim, taʼbir joiz boʻlsa, nozik bir masala xususida sizlar bilan maslahatlashib olishni zarur deb bilaman.

Joylarda boʻlayotgan uchrashuv va muloqotlarda koʻp-koʻp odamlar menga aytayapti, Virtual qabulxonaga yozyapti, "Toʻy-maʼrakalarimizni bir tartibga solib beringlar", deb murojaat qilyapti. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham toʻy-maʼrakalarimizdagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni maʼnaviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib oʻtganlarini yaxshi bilamiz.

Mana, oʻzinglar koʻryapsizlar, soppa-sogʻ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib toʻsatdan insult boʻlyapti, infarkt boʻlyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta toʻy qilaman, deb qarzga botgan boʻladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana toʻy qilishi kerak. Ochigʻini aytadigan boʻlsak, toʻy-hashamlar bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Bugun hayotimizda koʻpayib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjallar, ajralishlar, qudalar oʻrtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi.

Eng yomoni, ayrim pul topib aql topmagan, maʼnaviy saviyasi past kimsalar toʻy-hashamlar, maʼrakalarni oʻtkazish boʻyicha musobaqa oʻynab, turli-tuman yangi odatlarni oʻylab topyapti. Bularni eshitib, baʼzan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi.

Mana, Toshkentdagi toʻylarda "kelinnavkar" degan yana bir balo chiqibdi. Nima emish, endi kelinning ota-onasi qiziga qoʻshib uning oʻnlab dugonalarini ham bir xil kiyintirishi, yasantirishi kerak ekan. Bunday bemaza qiliqlar qayerdan chiqyapti? Yoshlarimiz kimdan oʻrganyapti buni?

Yaqinda oʻtgan "Kamolot" qurultoyida men yoshlarning ogʻzini poyladim. Birorta yigit yoki qiz chiqib, "Ey, doʻstlar, tengdoshlar, biz uylanamiz, turmushga chiqamiz deb ota-onalarimizni nihoyatda qiynab qoʻydik. Kelinglar endi, ularni bunday ogʻir tashvishga qoʻymaylik, kelajagimizni, millatimizning shaʼnini oʻylab, toʻylarimizni kamtarona, ixcham qilib oʻtkazaylik", degan gaplarni aytarmikan, deb kutdim. Afsuski, ulardan bu masalada hech qanday fikr eshitmadim.

Toʻy-maʼraka — bu faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ekanini inobatga olgan holda, Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir oʻrinbosari T.Norboyevaga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yoʻl qoʻymasdan oʻtkazish boʻyicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlash vazifasi topshiriladi", — degan oʻz nutqi davomida prezident.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala