Jamiyat

Oʻzbekistonda yolgʻiz qolib 10 yil qariyalar uyi boʻsagʻasidan qaytgan orenburglik momo hikoyasi

Oʻn yil jurʼat qilolmadim Samarqand shahrida joylashgan Saxovat uyiga kelishga. Har safar eshikdan qaytib ketardim. Ammo oʻtgan yili barcha hujjatlarni toʻpladimu, gʻururimni yengib, keldim. Hozirgacha nega ertaroq shu ishni qilmay, oʻzimni qiynab yurgan ekanman, deb oʻylayman, deb aytgan Olga momo "Zarafshon" muxbiriga bergan intervyusida

TOSHKENT, 16 avg — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasi vakillari Samarqand viloyatida boʻlib, tuman va shaharlarda mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, aholining yashash sharoiti, fuqarolarning ariza va shikoyatlari bilan ishlashning holati bilan joyida tanishmoqda. Shuningdek, bir qator ijtimoiy soha muassasalarida ham boʻlib, xayriya tadbirlari tashkil etmoqda.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik Oʻzbekiston
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev: Oʻzbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak
Samarqand shahridagi keksalar va nogironlar uchun "Saxovat" internat uyida oʻtkazilgan "Hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi" deb nomlangan aktsiyada bu yerda yashayotgan 120 dan ziyod fuqarolar holidan xabar olindi, ularga bayram sovgʻalari topshirildi. Oʻz navbatida "Saxovat" uyida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ularga koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun davlatimiz rahbariga oʻz minnatdorliklarini izhor etishdi, mamlakatimizdagi tarixiy oʻzgarishlar haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Toʻqson yoshdan oshgan Olga Matveyenkoning oʻz hayoti, taqdiri toʻgʻrisidagi hikoyasi, Oʻzbekiston haqidagi mushohadalari koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Shu bois uni sizlar bilan ham baham koʻrishga qaror qildik, deb yozadi "Zarafshon" nashri.

"Bolaligim, yoshligim Rossiyaning Orenburgida oʻtgan, — deya soʻzlab beradi Olga Nikolayevna. — Maktabda juda yaxshi oʻqiganim uchun boʻlsa kerak, toʻrt sinfni ikki yilda bitirganman. Otam harbiy uchuvchi, onam uy bekasi edi. Ehtimol, otamdagi qatʼiylik, onamdagi tartiblilik menga oʻtgandir, doim shu qoidaga amal qilib yashadim. Urush yillari gospitallarda hamshira boʻlib ishladim, xotiram yaxshiligi uchun boʻlsa kerak, masʼul vazifalarni ham bajarishimga toʻgʻri kelgan.
Oʻzbekistonga 1946 yilda, urush tugagan, ammo asoratlari mamlakatning barcha hududlarida oʻzini namoyon etib turgan pallalar kelganman. Eh-he, bu davrlarni yodga olishni hech kim yoqtirmasa kerak. Insoniyatning boshiga ulkan judoliklarni solgan bu qirgʻinbarotda ota-onamdan, akamdan ayrildim.

Pamyatnik semye Shamaxmudovыx - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Shomahmudovlar oilasidan kimlar hayot? Mashhur xonadondan reportaj

Urushning ogʻir damlarini koʻrgan 20 yoshli qizni Oʻzbekiston juda iliq kutib oldi. Bu yerlik aholining mehri, bir burda nonini ham mehmon bilan boʻlishishi, ogʻir yillardan qolgan yaralarimga malham boʻldi. Men ularni hamshira sifatida davolasam, ular mehri, shirin soʻzi-yu daldasi bilan alamlarimni unutishga koʻmak berishardi. Taqdirimda bor ekan, shu yerda Ukrainadan kelgan harbiy yigitga turmushga chiqdim, farzandli boʻldik. Uzoq yillar Samarqand tumanidagi shifoxonada doya hamshira, katta hamshira boʻlib ishladim, odamlar orasida "Olya apa" sifatida eʼzoz topdim. Haliyam qoʻni-qoʻshnilarim shu yerga, meni koʻrishga kelishadi. Yigirma sakkiz yillik doya sifatidagi faoliyatim davomida faqat ikki martagina ona oʻlimi kuzatildi. U ham boʻlsa, ayollarning oʻz aybi bilan sodir boʻlgandi. Yuqorida aytganimday, ishda ham, oilada ham tartib, qatʼiyat bilan ish koʻrish asosiy maslagim boʻlgani uchunmi, doim shu qoidalarga amal qilib yashadim.

Koʻpincha menga shuncha tashvishlarni yuragingizdan qanday oʻtkazdingiz, deyishadi. 1988 yili turmush oʻrtogʻimdan, 2004 yilda esa Chernobil AES talofatini bartaraf etishda ishtirok etgan oʻgʻlimdan ayrildim. Feʼlimdagi qatʼiyat, hayotga tik qarash odati menga yordam berdi. Qolaversa, qoʻni-qoʻshnilarim, hamkasblarimning doim mendan xabar olishlari koʻnglimga taskin berar, yashashga undardi.

Xullas, 2004 yilda yana yolgʻiz qoldim. Uydagi barcha yumushlarni, ishlarni 70 yoshimdayam, 80 yoshimdayam oʻzim bajarardim. Qarilik uzoq davom etadi, deganlari rost ekan. 90 ga kirgach, ancha toliqib qoldim-da. Ayniqsa, oʻzim katta qilib oʻstirgan nevaramning uyimizni sotib yuborishi dard ustiga chipqon boʻldi. Oʻn yil jurʼat qilolmadim Samarqand shahrida joylashgan Saxovat uyiga kelishga. Har safar eshikdan qaytib ketardim.

Ammo oʻtgan yili barcha hujjatlarni toʻpladimu, gʻururimni yengib, keldim. Hozirgacha nega ertaroq shu ishni qilmay, oʻzimni qiynab yurgan ekanman, deb oʻylayman.

Bu yerda xodimlarning mehnatsevarligi, barcha shart-sharoitlarning yaratilganligini, odamlarning mehribonligini koʻrib, hayotimning bu fasli shu yerda oʻtayotganiga shukur qildim. Hatto umuman begona odamlar kelib, bu yerdagi odamlarga koʻmak berishlari kishini toʻlqinlantiradi. Mana, bugun Prezidentimiz bizning holimizdan xabar olish uchun vakil yuboribdi. Sovgʻalar berishdi, bayram uyushtirishdi, maza qilib hordiq chiqardik. Lekin 90 yoshdan oshgan kampir uchun eng muhimi — bu ikki ogʻiz shirin soʻz aytib, biz sizlarni aslo yolgʻizlatib qoʻymaymiz, deyishgani boʻldi. Qani ayting, menday odam uchun bu eng katta sovgʻa emasmi axir?

Toʻgʻrisi, oʻzimni shu yurtda tugʻilib oʻsganday his qilaman, bir necha bor ketish uchun imkon boʻldi, ammo Samarqanddan uzoqlashgim kelmaydi. Mehri quyoshdek qaynoq oʻzbek zaminidan koʻngil uzib ketolmayman. Chunki, Oʻzbekiston — bu mening Vatanim, men uning ajralmas bir boʻlagiman. Men yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: Vatanimizni sevinglar, uning ravnaqi uchun tinmay xizmat qilinglar, bunday yurt, bunday xalq uchun astoydil xizmat qilmaslik katta xato. Bu hayotida koʻpdan-koʻp voqealarning jonli guvohi boʻlgan bir nuroniy onaxonning dilidan chiqayotgan samimiy soʻzlar, aslo balandparvoz gaplar emas".

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala