Anton Kurilkin
Sputnik muxbirining Moskvadan Buxoroga qilgan sayohatidan ikkinchi reportaj
Soʻroq-savol va echkilar
Chegarada oʻtish asabiy va ogʻir jarayon, shu bois neytral hududda uxlab olgan boʻlsak-da. Nonushta qilish va tin olish maqsadida yoʻl boʻyidagi choyxonada toʻxtashga qaror qildik.
Qudratning eski tanishi boʻlgan choyxona egasi kimligim, bu yerlarda nima qilib yurganim haqida meni savollarga koʻmib tashladi. Buxoroni tomosha qilishga ketayotganligimni eshitgach, u boshini chayqab tilini taqillatdi va dedi: "E, menimcha sen xotiningni oldiga ketyapsan".

Yoʻl ezib yuborgani bois savol-javobga toqatim yoʻq edi, shuning uchun fotoapparatimni mashinada unutib qoldirganimni bahona qilib tashqari chiqdim. Tashqarida esa ajoyib manzaraning guvohi boʻldim: bir suruv echki va qoʻylar yoʻl boʻylab suv ichgani ketayotgandi. Oʻzlari. Yoʻl harakati qoidalariga amal qilgan holda va burilishlarda mashinalarni oʻtkazib.
Jonivorlarning uyushqoqligi hayratlanarli edi: takalar toʻdadan oʻynab chiqib ketgan yoki ortda qolgan uloqlarni joyiga qaytarar, suruvni oldinga boshlab ketardi, orqada esa shoshilmasdan qoʻylar kelardi. Suvga yaqinlashganidan jonivorlar tartibi buzildi va hammasi chanqoq qondirish uchun suvga tashlanishdi.

Suv ichish marosimi besh daqiqa davom etdi va oʻzlariga kelgan jonivorlar yana uyushqoqlik bilan ortiga qaytishdi. Keyinroq maʼlum boʻlishicha, jamoaviylik va uyushqoqlik nafaqat echki va qoʻylarga, balki Qozogʻistondagi barcha jonivorlarga xos ekan – chunki A-28 trassasidan boshqa hech qayerda mashinalarni yoʻldan oʻtkazib yuborib keyin kesib oʻtadigan tuya va otlarni koʻrmaganman. Ular goʻyoki yoʻl belgilarini biladigandek taassurot uygʻondi.

Oʻzimizga kelib olgach, yoʻlga otlanamiz. Tashqarida yoʻlning ikki tomonini egallab olgan choʻl, uzoq-uzoqlarda kichik qishloqlar koʻzga tashlanadi. Sahro sukunatini kutilmaganda yoʻl patruli sirenasining keskin tovushi buzdi.
Katta yoʻl gaichilari
Internet qidiruv tizimida "Qozogʻiston GAIsi…" degan yozuvni kiritsangiz, tizim yana bir soʻzni qoʻshishni taklif qiladi: "boshboshdoqlik". Qozoq avtoinspektorlarining surligi va qanday ishlashlariga biz ham guvoh boʻldik.
Uralskdan Atiraugacha boʻlgan yoʻl davomida bizni toʻqqiz marta toʻxtatishdi. Taqqoslash uchun, Rossiyada toʻrt marta toʻxtatildik. Oʻzbekistonda esa faqatgina chegaradan Buxorogacha yoʻlimizda uchragan atigi uchta koʻchma postda hujjat tekshirishdi.
Qozogʻistonlik hamkasblaridan farqli oʻlaroq, oʻzbek va rus gaichilari har doim qoida boʻyicha oʻzlarini tanishtirishadi va mashina raqami qayerniki boʻlishidan, rulda kim oʻtirishidan qatʼi nazar hurmat bilan muomala qilishadi. Lekin Qozogʻistonda hammasi boshqacha.
Bizni toʻqqiz marta toʻxtatishgan boʻlsa, avtoinspektsiya xodimlari atigi ikki marta oʻzlari mashinamiz oldiga kelishdi, bitta koʻchma postdagina polkovnik hamma bilan soʻrashib qayerga ketayotganimizni soʻrab qoʻydi.
Ular asosan aynan Oʻzbekiston davlat raqamili mashinalarni koʻp toʻxtatisharkan. Keyinroq Bahodirning aytishicha, undan har safar pul soʻrashadi, lekin u Qozogʻistonning barcha qonunlarini suv qilib ichib yuborgan va politsiyachilarning xiraliklaridan qutulish yoʻllarini biladi.
Tuzli yer
Qozogʻiston choʻli rus oʻrmon va tekisliklaridan farqli oʻlaroq, keskin oʻzgarmaydi – u xuddi maktab fizika xonasidagi ranglar spektri haqidagi plakatga oʻxshab asta- oʻzgaradi – manzaralar orasidagi chegarani payqash mushkul.
Qozogʻistonning shimoli-sharqi yoʻlovchilarni u yer bu yerda yetimchalardek mungʻayib turgan uychalardan iborat cheksiz yashil dengiz bilan qarshi oladi. Uralskdan Atiraugacha boʻlgan yoʻlning yarmida yashillik siyraklashadi va uning oʻrnini tuz bilan qoplangan qurigan irmoq va koʻlchalardan tashkil topgan yer egallaydi.

Shamol ham qahrli esa boshlaydi – agar oldin yengil shabada tanga rohat bagʻishlagan boʻlsa, endilikda shamol faqatgina issiq havo va chang purkaydi – hattoki zich yopilgan oynalar ham yordam bermaydi.
Tun ham beorom oʻtadi – yoqimli salqin havo bir zumda sovuq bilan almashadi, quyosh botganidan bir soat oʻtiboq kurtka va jemperlarni olishga majbur boʻldik. Havo ochiq, osmonda yulduzlar shunchalar koʻpki, xuddi osmonda millionlab chiroqlarga ega ulkan shahar bordek tuyuladi.
Uchinchi kun saharga yaqin Qozogʻiston-Oʻzbekiston chegarasiga yetib keldik va uzunligi bir kilometrdan ortiqqa choʻzilgan avtomobillar navbatiga kelib qoʻshildik. Agarda menga oʻshanda faqatgina ikki sutkadan keyin sillamiz qurigan holda Oʻzbekistonda uygʻur lagʻmon yeb, qoraqalpoqlarning "Karatau" arogʻini ichib oʻtirishimizni aytishganida ishonmagan boʻlardim.