Turizm

Moskvadan Buxoroga sayohat: chegarada yoxud chegarasiz sabr

© SputnikKazaxstansko-uzbekskaya granitsa
Kazaxstansko-uzbekskaya granitsa - Sputnik Oʻzbekiston
Obuna boʻlish
Yandex newsTelegram
Qozogʻiston chegarasidagi cheksiz kutishlar, axlat va chang orasida hamda neytral hududdagi muzday ayron - Sputnik muxbirining Moskvadan Buxoroga qilgan sayohatidan uchinchi reportaj

Anton Kurilkin

Gʻayrioddiy sayohatimning uchinchi sutkasi oʻtib borardi. Yoʻlda men bilan suhbatlashgan barcha nega jizgʻanak qiluvchi quyosh ostida uzoq va mashaqqatli yoʻlga mashinada chiqqanimni hamda nima uchun harakatlanishning boshqa vositasini tanlamaganimni soʻrardi. Ularning aksariyatining koʻzlarida bir savolni oʻqish mumkin edi: bu turist qanday qilib oʻynagani yoʻl olmagan odamlar orasida paydo boʻlib qoldi.

Aytishim kerakki, birdaniga bir nechta holatlarning toʻqnash kelib qolishi oqibatida mana shu tasodifiy sayohatim yuzaga keldi. Eski tanishim Bahodir meni oʻz yurtiga bir necha marta taklif etgandi. Oldinda mehnat taʼtilim bor edi, aniq bir rejam yoʻq edi, xuddi ana shu kunlari u menga qoʻngʻiroq qilib qoldi va uyiga ketayotganini, mashinasida boʻsh joy borligini aytdi.

Avtomobili na trasse - Sputnik Oʻzbekiston
Turizm
Yoʻl boʻyidagi karvonsaroy, tirband bojxona yoxud Moskvadan Buxoroga sayohat

Uzoq oʻylab oʻtirmasdan qaytishga bilet olmay (Bahodirning aytishicha, qaytishga bilet olmagan maʼqul ekan – qoʻqqisdan yoʻlda mashina buzilib qolsa) uning taklifiga rozi boʻldim va yoʻlga otlandim. 3600 kilometrlik masofani bosib oʻtish uchun ixtiyorimda roppa-rosa bir hafta bor edi. Ha, samolyot bilan solishtirganda koʻp vaqtni oladigan va poyezd bilan solishtirganda noqulay safar, oʻyladim men, lekin eski tanishim bilan ketaman. Buning ustiga mashinada sayohat xuddi piyoda, velosipedda yoki otda yurilgani kabi oʻzingni haqiqiy yoʻl bosgandek his qilish imkoniyatini beradi. Poyezd ham, samolyot ham bunday hisni bermaydi.

Ehtimol, safarga chiqishimda men yaqinda oʻqigan Jek Keruakning "Yoʻlda" kitobi ham katta rol oʻynagandir. Xullas, nima boʻlishidan qatʼi nazar, sarguzashtlarga tashnalik barcha xavotir va ikkilanishlardan ustun keldi. Lekin sayohatim tabiat manzaralari va hamrohlarimning qiziqarli hikoyalaridan tashqari ogʻir sinovlar bilan ham oʻtdi. Ular ichida eng jiddiy sinov Qozogʻiston chegarasidan oʻtish boʻldi.

Axlat, chang va loqaydlik

Tong saharda Qozogʻiston-Oʻzbekiston chegarasidagi "Tajen" chegara punktiga yetib keldik. Chegara oʻtkazish punkti oldida yoʻl boʻylab qator tizilgan yengil va yuk mashinalaridan iborat navbat hosil boʻlgan. Ulkan furalar alohida qator hosil qilgan. Boʻm-boʻsh yoʻldan esa faqatgina Qozogʻiston raqamlariga ega mashinalar oʻtmoqda.

Bu yerlarda sutkaning eng yaxshi payti – tun: salqin hamda chang-toʻzon koʻtaradigan shamol boʻlmaydi.

Odamlar oynasi ochib qoʻyilgan mashinalar ichida uxlashmoqda. Yana kimdir atrofda sochilib yotgan tsellofan xaltachalarni tagiga toʻshab, boshi ostiga sumkasini qoʻygancha yoʻl chetida uxlayapti. Abjir va omadli sayyohlar esa qurilishi bitmagan binoning beton plitalari ustiga joylashishgan.

Ayrim tajribali haydovchilar chegaradagi qiyinchiliklarni bilishgani bois oʻzlari bilan yigʻma karavotlar ovolishgan. Umuman uyqum kelmadi, shuning uchun tong sahar boʻlishiga qaramasdan yoʻl boʻylab aylanib yurdim.

Quyosh chiqishi bilan havo sezilarli darajada iliydi, baʼzida chiyillashi kuchayib quloqni ogʻritadigan shamol esadi.

Yerda yotgan boʻsh shishalar u yoqdan bu yoqqa dumalab shovqin hosil qiladi, lekin hammasidan ham oʻtgan-ketganlarning oyoqlari ostida gʻichirlaydigan plastiklar asabni egovlaydi. Axlat shunchalik koʻpki va anchadan beri olinmaganligi uchun quruqshab yotgan yerda qatlam hosil qilgan.

Axlat tashlash uchun moʻljallangan maxsus beton bunkerlar toʻlib-toshib ketgan va biz chegarada boʻlgan ikki kun davomida bir martayam tozalanmadi.

Kazaxstanskaya step: verblyudы, kozы i beskrayniye prostorы - Sputnik Oʻzbekiston
Turizm
Moskvadan Buxoroga sayohat: Qozogʻiston choʻlidagi mashaqqatli yoʻl

Ertalab toʻqqizdan boshlab rangi oʻchib ketgan roʻmol oʻragan, qora koʻzoynak taqib olgan yoshini aniqlash mushkul boʻlgan sotuvchi ayollarning qichqiriqlari yangraydi. Ulardan narsa olishda tanlov cheklangan: kolbasa, non, pirojka, gazli va gazsiz mineral suv hamda kola.

Vaqti vaqti bilan "kolbasa-pirojka-non-gazsiz suv-kola" deyish oʻrniga adashib ketishadi va qarabsizki goh gazsiz kola, goh mineral non taklif qilishadi.

Ikki soatdan keyin bu qichqiriqlar jazirama, chang, shamol va yoʻlda uzoq kutish bilan qoʻshilib odamni aqldan ozdira boshlaydi.

"Qozogʻiston chegarasida insonga hurmat yoʻq. Oʻzbekistonda bor, Rossiyada bor. Moskvaga har safar borganimda hurmat bilan savol-javob qilishadi. Bu yerda esa odam oʻrnida koʻrishmaydi", — noliydi Buxoroga ketayotgan qirq yoshlardagi Zuhra ismli ayol.

Erkaklar esa bu yerdagi sharoit va chegarachilarning ish sifatini boloxonador iboralar bilan shunday taʼriflashdiki, ular aytgan soʻzlarni bu yerda keltirishning iloji yoʻq.

Navbatsiz oʻtish necha pul?

Avtomobillar kolonnasi boʻylab ikkita yosh qozoq yigiti kelardi. Ular mashina oldida toʻxtashib haydovchi bilan nimalarnidir gaplashishar, keyin yana yoʻlida davom etishardi. Haydovchimiz orqa oʻrindiqda uxlayapti, men uning oʻrnida oʻtiribman, Qudrat va Ulugʻbek choyxonaga suvga ketishgan.

— Bratan, senmisan haydovchi?

— Yoʻq, menmas, u uxlayapti.

— Chegaradan tezroq oʻtishni xohlaysizlarmi?

— Haydovchi uygʻonsin, soʻrab koʻraman.

Yigitlar navbatdagi "mijoz" tomon otlanishdi, shu payt uygʻonib ketgan Bahodir nima gapligini bilgach, ularni chaqirdi.

Faqat bittasi – oʻrta boʻyli ozgʻin, ozgina soqol qoʻygan qizil futbolkali yigit qaytdi.

— Navbatsiz oʻtishni xohlaysizlarmi? Olti ming rubl. Avval uchta mashinani oʻtkazishadi, keyin yettita mashinani navbatsiz oʻtkazvorishadi, — dedi yigit.

— Qimmat. Oldin besh ming edi, — deydi Bahodir.

— Oldin uchastkavoy yoʻq edi, bu yerda mushtlashuv boʻldi, shundan keyin tartib saqlash uchun uni qoʻyib qoʻyishdi. U bilan ham boʻlishishga toʻgʻri keladi, — tushuntiradi yigit.

© SputnikQozogʻiston-Oʻzbekiston chegarasi
Kazaxsko-uzbekskaya granitsa - Sputnik Oʻzbekiston
Qozogʻiston-Oʻzbekiston chegarasi

Biz pul bermaslikka va navbat kutishga qaror qildik. Ortimizda turgan mashina haydovchisi "oʻtkazib qoʻyuvchi"ning taklifiga rozi boʻldi va unga pul uzatdi.

Ammo unga tezroq oʻtish nasib qilmadi. Kolonna boshida turgan haydovchilardan biri toʻpolon koʻtardi va navbatsiz oʻtish barham topdi. Adolat yuzasidan aytishim joiz, tadbirkor yigitlar amalga oshmagan tranzit uchun olingan pullarni egalariga qaytarib berishdi.

Chegara oldidagi ochlik

Tush paytiga yaqin chegaraga ikkita tuya keldi. Ulardan biri nariroqda yantoq yamlay boshladi, ikkinchisi esa "tsivilizatsiya mevalari"dan bahramand boʻlish uchun tadbirkorlik bilan axlat konteynerlari tomon yoʻl oldi. Uning oʻljasi olma boʻlagi va boʻshagan aroq shishasi boʻldi. Sahro kemasi shishani ogʻziga solgancha biroz chaynab koʻrib afsus bilan tuflab tashladi va ketib qoldi.

Tushga yaqin qator jonlanib qoldi: qozogʻistonlik chegarachilar oʻzbek mashinalarini oʻtkaza boshladilar. Bir kunda toʻrt marta shunday oʻtkazishlar boʻladi: bittasi yuk mashinalari uchun, uchtasi yengil mashinalar uchun. Yoʻlovchi avtobuslari navbatsiz oʻtkaziladi, lekin bundan odamlarga foyda yoʻq: ular "axlat tashlamang" degan yozuv ostidagi axlatxona oldida turgan holda jazirama quyosh ostida obdon "tuzlangach" pasport va bojxona nazoratidan oʻtishadi.

Oldinga atigi bir necha metr yurgach yana toʻxtaymiz. Bahodir yonimizdagi choyxonada choy ichib olishni taklif qiladi.

© SputnikQozogʻiston-Oʻzbekiston chegarasi
Kazaxstansko-uzbekskaya granitsa - Sputnik Oʻzbekiston
Qozogʻiston-Oʻzbekiston chegarasi

Bu yerdagi chegaraoldi tamaddixonalarining tuzilishi bir xil: ovqat tayyorlanadigan xona, omborxona ham shu xona, mijozlar oʻtiradigan xonalardan kichkina derazasi bor plastik toʻsiq orqali ajratilgan. Mijozlar xontaxta va soʻridan boshqa hech narsa qoʻyilmagan kichik-kichik xonalarda oʻtirishadi.

Bu uychalar tashqaridan ham, ichkaridan ham oppoq suvalgan, kichik derazalari esa yelvizak achigan miyangizni oʻziga keltirish uchun katta qilib ochib qoʻyilgan.

Ularning menyulari yoʻllardagi doʻkonlarnikidan ham kamtarroq: doshirak, snikers va shubhali golubtsi. Tamaddixona bekalarining pazandalik qobiliyatlarini tekshirib koʻrishga jasoratim yetmadi va kofe bilan cheklandim. Bu yerlarda bor-yoʻgʻi ikki xil kofe berishadi: paketchali uchtasi birda yoki oddiy qora kofe.

Chegarada oʻtgan ikki kun davomida men sayyor sotuvchilarning ham, choyxonaning ham ovqatini yeyishga botinmadim. Issiqdan uncha ovqat yegim kelmas, bilinar-bilinmas ochlikni esa Moskvada olingan pechenye bilan bartaraf qilardim.

Ikki boshli burgut ostida

Deyarli ikki sutkadan soʻng bojxonada bizning ham navbatimiz keldi. Shlagbaum oldida barcha yoʻlovchilarga mashinadan tushishni buyurishdi. Pastga tushib mashinamizni gʻamginlik bilan kuzatib qolamiz va navbatga turishga tutinamiz. Qora koʻzoynak taqqan chegarachi leytenant mashinalar tekshiruviga oʻtayotgan yoʻlovchilarni oddiy piyodalardan ajratishga urinadi. Bizni birpasda chegara punkti hududiga oʻtkazishdi va yana bir navbatga turdik.

Bu navbat ichida men baland boʻyim, soqolim va asosiysi – Rossiya pasporti bilan ajralib turardim. Bojxona eshigi oldida turgan fuqaro kiyimidagi kishi meni chaqirdi. Turist ekanligimni va doʻstlarim bilan Buxoroga ketayotganimni bilishgach, meni ichkariga oʻtkazib yuborishdi.

Yana navbat. Katta furajka kiyib olgan boʻyi uncha baland boʻlmagan harbiyning tartib oʻrnatishga boʻlgan urinishlari zoye ketadi. Uning ratsiyasi ishlab ketdi va u meni toʻgʻri pasport nazoratiga yetaklab ketdi.

Aytish joiz, turistlarni pasport nazorat punktiga hech qanday navbatlarsiz darhol oʻtkazib yuborishadi: biz Rossiyada koʻrgan polyaklar ham yetib kelishdi. Bilmadim, ular quyosh tigʻi parchalab tashlaydigan shunday issiq havoda ogʻir mototsikl kiyimlarida qanday qilib shuncha yoʻlni bosib oʻtishdi ekan.

Pasport nazoratida kichik serjant unvoniga ega jilmayib turadigan yagona chegarachi mendan kimligim, qayerga va kim bilan ketayotganligimni uzoq surishtirganidan keyin meni oʻtkazib yubordi.

Pasport nazoratidan soʻng yoʻlovchilar chegaralar orasidagi neytral hududga oʻtishadi – mashinamiz oʻsha yerda edi va bir soatdan keyin hammamiz jamuljam boʻldik.

Qudrat va Ulugʻbekni kutib turgan paytimiz mazali palov va ayron oldik – ular neytral hududdagi oʻzbek choyxonasiniki boʻlib, Bahodirning aytishicha, aynan mana shu taom palov ekan, oldin yegan barcha palovlarimiz esa palov emas, goʻsht va sabzavotli guruch ekan. Issiqda ovqat oʻtmagani bois palov yemadim, ammo bir kosa ayron haqiqiy xaloskorimga aylandi: muzdayligidan tishlaring takillab ketadigan va mayda toʻgʻralgan sabzavotlar solingan ayron kishini oʻziga keltirib, hayotga qaytaradi.

Oxirgi sinov – Oʻzbekiston chegarasi – oldidan ozgina tin olishga imkoniyat bor. Biz ham hozircha sayohat haqidagi hikoyadan chekinamiz-da, hamrohlarim kim, ular Rossiyada nima ish bilan shugʻullanishadi va nega vatanlariga ketishayotgani haqidagi hikoyamizni boshlaymiz.

Yangiliklar lentasi
0