AQShga tashrif: BMT minbaridagi O‘zbekiston tashabbuslari va 2,6 mlrd $lik hujjatlar

© REUTERS / /Eduardo MunozPrezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev na Genassamblee OON
Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev na Genassamblee OON - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidentining AQShga tashrifi samarali bo‘ldi

TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-20 sentabr kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ldi. Ushbu tashrif har jihatdan samarali o‘tdi deyish mumkin. Boisi, prezidentning tashrifi davomida ko‘plab uchrashuvlar tashkil etildi hamda O‘zbekiston istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega hujjatlar imzolandi.

BMT minbarida bildirilgan muhim tashabbuslar

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlar ekan, O‘zbekiston ushbu tashkilotning bosqichma-bosqich isloh etilishi tarafdori ekanligini bildirdi.

"Biz Xavfsizlik Kengashini bugungi kun talablariga mos ravishda kengaytirish zarur, deb hisoblaymiz", dedi O‘zbekiston prezidenti.

Igor Nikolaychuk - Sputnik O‘zbekiston
Siyosiy ekspert: Shavkat Miromonovich barchaga xush keldi

Mirziyoyev O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratayotganligini ta’kidladi.

"Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo — biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir", dedi O‘zbekiston rahbari.

O‘zbekiston prezidenti noyabr oyida Samarqandda BMT shafeligida o‘tkaziladigan "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik" mavzuyidagi yuqori darajadagi xalqaro anjumanda mintaqadagi fundamental muammolarni muhokama qilish rejalashtirilganligini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu anjuman yakunida BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni ta’minlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini kiritish mo‘ljallanganini bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev vistupil na 72-y sessii Generalnoy Assamblei OON - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev Tramp ma’muriyatining Afg‘onistonga oid da’vatini qo‘llab-quvvatladi

Prezidentning nutqida bildirilishicha, O‘zbekiston BMTning preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mirziyoyev jahon jamoatchiligi e’tiborini yana bir bor davrning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri — Orol halokatiga qaratdi.

Prezident yuksak minbarda turib Orol fojiasi aks ettirilgan xaritani jamoatchilikka namoyish etdi hamda dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etayotganligini ta’kidladi.

"Biz BMT tomonidan Orol fojiasidan jabr ko‘rgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha shu yil qabul qilingan maxsus dastur to‘liq amalga oshirilishi tarafdorimiz", dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi vaziyat haqida ham o‘z fikrini bildirdi.

"Aminmizki, Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir. Muzokaralar afg‘onistonliklarning o‘zlari hal qiluvchi o‘rin tutadigan holda, Afg‘oniston hududida va BMT shafeligida o‘tishi lozim. Donishmand afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir", dedi O‘zbekiston rahbari.

Mirziyoyev butun dunyoda dolzarb muammoga aylangan terrorizmga qarshi kurash borasida o‘z takliflarini bildirdi.

"Bu borada ko‘p hollarda tahdidlarni keltirib chiqarayotgan asosiy sabablar bilan emas, balki ularning oqibatlariga qarshi kurashish bilangina cheklanib qolinmoqda. Xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini boshqa omillar bilan birga, jaholat va murosasizlik tashkil etadi, deb hisoblayman", dedi Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekanligini ta’kidladi.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev na Genassamblee OON - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev BMTda diniy bag‘rikenglik to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilish taklifini kiritdi

"Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi "virusi" tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz", dedi prezident.

Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etishini bildirdi.

O‘zbekiston prezidenti shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi.

Bu hujjatning asosiy maqsadi — barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat.

Ushbu rezolyutsiya bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan.

Bosh kotibning e’tirofi

Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.
Mirziyoyev BMT bosh kotibiga 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi hamda Strategiya doirasida davom ettirilayotgan keng miqyosli yangilanishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Maket ploshadi Registan, podarenniy Mirziyoyevim OON - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston tuhfasi: Registon maydoni maketi BMT shtab-kvartirasi bezagiga aylandi

O‘zbekiston prezidenti BMT Bosh kotibini 2017-yil 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha xalqaro anjumanda shaxsan ishtirok etishga taklif qildi.

Antoniu Guterrish joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlarini yuksak baholadi.

BMT Bosh kotibi O‘zbekiston prezidentining Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi nutqi nihoyatda mazmundor bo‘lganini ta’kidladi. Antoniu Guterrishning fikricha, O‘zbekiston rahbari BMTning yuksak minbaridan turib bildirgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega va o‘z vaqtida ilgari surildi. Bosh kotib ushbu tashabbuslarni xalqaro maydonda ilgari surishga ko‘maklashishga tayyorligini qayd etdi.

Bosh kotib O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

BMT rahbari O‘zbekiston tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Guterrish Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyani ilgari surish, Orol dengizi bilan bog‘liq ekologik falokat oqibatlarini yumshatishga xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborini qaratish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishini bildirdi.

Do‘stona uchrashuvlar

Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida Bolgariya prezidenti Rumen Radev bilan uchrashdi.

Oliy darajadagi mazkur uchrashuvda O‘zbekiston — Bolgariya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Mamlakatlar hamkorligida yangi sahifa ochish zarurligi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar o‘zaro manfaatli ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston TIV binosi - Sputnik O‘zbekiston
TIVda Gruziya elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Shuningdek, transport-kommunikatsiya, turizm, ta’lim, madaniyat sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda shu jabhalarda aniq loyihalar ishlab chiqish maqsadida hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazishga kelishib olindi.

O‘zbekiston Bolgariya bozoriga kimyo, elektr texnikasi, to‘qimachilik va kabel mahsulotlari, qurilish materiallari, o‘g‘itlar, meva-sabzavot yetkazib berishi mumkin. Farmatsevtika, kosmetika, elektr texnikasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari mavjud.

Mirziyoyev Bolgariya prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvilini qabul qildi.

Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, savdo uylari tashkil etish va qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Gruziyaga avtomobillar, to‘qimachilik va elektr texnikasi mahsulotlari eksport qilish, Gruziya yo‘llari orqali jahon bozoriga chiqishdan manfaatdor. Gruziya O‘zbekistondan meva-sabzavotlar xarid qilishi, vinochilik sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etishi mumkin.

Valyuta islohotlarining dastlabki natijalari

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi farmoyish beruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi.

Kristin Lagard Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida iqtisodiyot va ijtimoiy hayot barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor ekanini ta’kidladi.

Mejdunarodniy valyutniy fond - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev Nyu-Yorkda XVJ direktori bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Uchrashuvda valyuta islohoti jarayonida davlat organlari va tijorat banklarini qo‘llab-quvvatlash, savdodagi tariflarni kamaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritildi. Davlat budjetini profitsit bilan bajarish, soliq ma’murchiligi va davlat statistikasi sohasini tubdan yaxshilash, bank tizimining barqarorligini ta’minlash, tashqi savdo siyosatini erkinlashtirish kabi vazifalarga e’tibor qaratildi.

Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamg‘armasi texnik ko‘maklashish va iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha tavsiyalar berish orqali O‘zbekiston moliya tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

"O‘zbekiston rahbariyati keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Bu, avvalo, yaqinda amalga oshirilgan valyutani tartibga solish tizimidagi o‘zgarishlarga tegishlidir. Biz iqtisodiyotni mustahkamlash, yanada ko‘p ish o‘rinlari yaratish, barqaror va kompleks taraqqiyotga erishishda muhim ahamiyat kasb etadigan ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni uzoq davom etadi va bu oson kechmaydi. Men iqtisodiy o‘sishning yanada yuqori sur’atlariga erishish va aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston bilan qat’iy hamkorlikka tayyor ekanini tasdiqlayman", dedi Kristin Lagard O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvdan so‘ng.

Investitsii v biznes - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston biznes yuritish qulayligi bo‘yicha jahon reytingida keskin yuqoriladi

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim bilan uchrashdi.

Mazkur bank va O‘zbekiston moliya muassasalari o‘rtasida amaliy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda o‘zaro hamkorlik energetika, irrigatsiya va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarini qamrab olgan.

O‘tgan yili qabul qilingan 2020-yilgacha hamkorlik qo‘shma dasturiga 27 ta muhim loyiha kiritilgan. Ularning umumiy qiymati 4 milliard dollardan iborat, shundan 3 milliard dollari Jahon banki kreditlaridir.

Jahon banki prezidenti O‘zbekistonda bank-moliya tizimini takomillashtirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar biznes rivojiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Muloqotda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar, istiqbolli loyihalar muhokama etildi.

Mirziyoyevning vatandoshlarga takliflari

Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi, bu yerda yashayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvi ularga katta xursandchilik bag‘ishladi.

"Amerika Qo‘shma Shtatlarida siz, qadrli yurtdoshlarimiz bilan uchrashib turganimdan g‘oyatda xursandman, dedi O‘zbekiston rahbari. Men ushbu tashrif chog‘ida sizlar bilan chin dildan, samimiy suhbatlashishni avvaldan rejalashtirib qo‘ygan edim.

Vatandan yiroqda, musofirchilikda o‘z o‘rnini topish va haqli e’tirof qozonish naqadar mashaqqatli ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bunday katta yutuqlarga erishish har kimga ham nasib etavermaydi.

Prezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev 23-avgusta prinyal pervogo zamestitelya Predsedatelya pravitelstva Rossiyskoy Federatsii Igorya Shuvalova - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev bizni olib ketgani kelgan ekan - AQShda yashayotgan Nodir Zokirov hikoyasi

Bugun sizlar bilan ochiq muloqot qilib, sizlar bilan yaqindan tanishish, mamlakatimiz oldida turgan katta-katta vazifalarni amalga oshirish borasidagi fikr va mulohazalaringiz, takliflaringiz bilan o‘rtoqlashish g‘oyat muhim, deb hisoblayman".

Prezident Harakatlar strategiyasi, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. O‘zbekistonda sud-huquq, moliya, kichik biznes, turizm, tibbiyot sohalarida yuz berayotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakat rivojiga yo‘naltirishga da’vat etdi.

"Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman, dedi Mirziyoyev. Men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman".

Uchrashuvga yig‘ilganlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xalq farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini qayd etishdi. Vatandoshlar O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.

Biznes forum, 2,6 mlrd dollarlik hujjatlar va Vebsterning MDHdagi ilk to‘laqonli filiali

Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrifi doirasida Nyu-Yorkda O‘zbekiston — AQSh biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Respubliki Uzbekistan vstretilsya s predstavitelyami delovix krugov Ameriki - Sputnik O‘zbekiston
AQSh kompaniyalari O‘zbekistonda qator loyihalarni amalga oshiradi

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda AQShning 100 dan ortiq yetakchi kompaniyasi rahbarlari ishtirok etdi. "General Electric", "Honeywell", "ExxonMobil", "CNH Industrial", "John Deere", "Coca-Cola", "Boeing", "Caterpillar", "City Group", "Visa", "AGCO", "Gilead Sciences" kabi yirik korporatsiyalar shular jumlasidan.

Forum sho‘’balaridagi muzokaralarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda qulay investitsiyaviy muhitni shakllantirish hamda sanoat, infratuzilma, turizm, fan va ta’lim sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.

Amerikalik ishtirokchilar O‘zbekistonda valyutani tartibga solish tizimiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, bank-moliya tizimini mustahkamlash, biznesning soliq yukini qisqartirish, investorlar uchun, jumladan, respublikada tashkil etilgan yangi erkin iqtisodiy zonalar doirasida qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadilar.

Tadbir yakunida AQSh kompaniyalari bilan umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng bo‘lgan yirik hujjatlar to‘plami imzolandi.

Studenti v auditorii - Sputnik O‘zbekiston
Toshkentda amerikaning Vebster universiteti filiali ochiladi

Jumladan, "General Electric" va "Honeywell" korporatsiyalari bilan neft-gaz va neft-kimyo sohalarida, "CNH Industrial", "John Deere" va "Caterpillar" kompaniyalari bilan mashinasozlik sohasida, "OSI Systems" va "Lutron" kompaniyalari bilan elektrotexnika sohasida, "Boeing" kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Shuningdek, Toshkent shahrida Vebster universiteti filialini ochish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Bu AQSh oliy o‘quv yurtining MDH mamlakatlaridagi birinchi to‘laqonli filiali bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston rahbari sharafiga tashkil etilgan O‘zbekiston va AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida o‘tgan qabul marosimida qatnashdi.

Shuning bilan O‘zbekiston prezidentining AQShga tashrifi yakunlandi.

Yangiliklar lentasi
0