TOSHKENT, 26 sen — Sputnik. Yangi tugʻilgan chaqalogʻini oʻldirganlikda gumon qilingan ona bugun SIZOda oʻz joniga qasd qilgani haqida xabar berildi. Ismi sir boʻlib qolishini istagan, 90-yillarda ayollar koloniyasida ishlagan bugungi suhbatdoshimiz farzand qotilligi — eng ogʻir jinoyatlardan biridir, degan fikrda.
— Bordiyu farzandkush koloniyaga tushgudek boʻlsa, bu uning uchun oʻlim bilan barobar boʻlgan, — deydi ochiqchasiga u.
— Ayollar koloniyasida sudlanganlarni nima qilishardi?
— Kunlarning birida eriga qasd qilib ikki farzandini oʻldirgan bir ayolni olib kelishdi. Biz bu kabi mahbuslar ustidan amalga oshiriladigan har qanday yovuzliklarning oldini olishga harakat qilardik. Ayollar ahloq tuzatish koloniyalarida "paxan"lar rolini yetakchi ayollar ijro etardi, koloniyada ular soni 2-3 nafar boʻlardi.
Qisqasi, bu ayol taqdiri ne kechishini bilish uchun "paxan"larning biri bilan uchrashdik. U bizga: "Oʻldirmaymiz", deb aytdi. Lekin ertami-kechmi ular bu ayolgacha yetib kelishlari ravshan edi. Xuddi shunday boʻldi ham. Farzandkushni "jonli yoʻlak"dan oʻtkazishdi.
Mahbus ayollar ikki qator boʻlib saf tortib turishar, yangi kelgan ayol ular orasidan oʻtishi kerak edi. U oxirigacha borolmadi — xushsiz yiqildi.
Keyinchalik menga u har kuni kaltak yeyishi haqida soʻzlab berishgan.
Mahbuslar oʻzlari haqida "biz haqiqatda tamom boʻlganlarmiz" deb gapirishardi, chunki ularning kelajagi yoʻq edi.
— Xotirangizda bunday voqealar koʻp boʻlganmi?
— Yoʻq. Unchalik koʻpmas. Men koloniyada besh yarim yil mobaynida ishlaganman. Shu vaqt oraligʻida u yerga 6-7 nafar farzandkush olib kelingan. Shulardan biri men ishlaganda halok boʻldi. Yana bir hodisa esimga tushdi, bir kuni 7 yashar oʻgay oʻgʻlini oʻldirgan ayolni olib kelishgandi. Ayol bolani saroyda qamab qoʻygan va norasida ochlikdan halok boʻlgan. Oʻsha ayol jazo muddatining oxirigacha bora olgan. Adashmasam, uni mamlakatda Ayollar yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan amnistiya qilishgandi. Ayolni ozodlikda oʻldirishdi.
Farzandkushlarning aksariyati SIZOda vaqtidaligidayoq oʻz joniga qasd qilishgan. Koloniyaga tushganlari esa… Xullas, ularga hech kim xavas qilmagan.
— 90-yillarda qamoqxonalar qonun-qoidalari juda beshafqat boʻlgan. Hozirchi?
— Hozir qanday aniq bilmayman, lekin eshitishimcha, vaziyatga bogʻliqmish: pul boʻlsa, jazodan qutulib qolish ham mumkin ekan.