TOSHKENT, 16 okt — Sputnik. BMT vakili Helena Freyzer va Shveytsariya elchisi Olivye Shav 12-14 oktyabr kunlari Orol dengizi hududiga tashrif buyurib, hududning hozirgi ahvoli, hukumatning ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha olib borayotgan saʼy-harakatlari, iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishishdi.
13-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Joʻqorgi Kengesi va Vazirlar Kengashida qator rasmiy uchrashuvlar oʻtkazilib, ularda hududning shu kundagi ahvoli, hamkorlik natijalari va istiqbollari haqida umumiy tasavvur olish, hamda Orolboʻyi hududida istiqomat qiluvchi hamjamiyatlarga koʻmak berish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olishga koʻmak berdi.
“Orol dengizi fojeasi natijasida aziyat chekkan odamlarga yordam koʻrsatish uchun ham hukumat, ham xalqaro hamjamiyatning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari zarur. Qoraqalpogʻistonda amalga oshirilayotgan BMTning Qoʻshma dasturi Orol dengizi hududi uchun Davlat dasturida belgilangan ustuvorliklarni aks ettirayotgani va toʻldirayotgani muhimdir”, — deya taʼkidladi Helena Freyzer.
Bugungi kunda Orol dengizi hududida BMTning “Orol fojeasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” Qoʻshma dasturi amalga oshirilmoqda.

Undan tashqari, delegatsiya Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasining Qoraqalpogʻiston boʻlimi koʻmagida ishga tushirilgan hunarmandchilikni rivojlantirish markazi va Qoraqalpogʻiston nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda ochilgan tikuv tsexida ham boʻlishdi.
Shuningdek, mehmonlar Moʻynoqda tikuv va suvenir mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tsexga, kompyuter xizmatlarini koʻrsatish markazi va yuqori sifatli tibbiy koʻmak koʻrsatish “Orol” qishloq vrachlik punktiga ham tashrif buyurishdi.
Xabarda aytilishiga koʻra Quyi Amudaryo havzasining irrigatsiya tizimlari boshqarmasiga safar dasturning eng muhim tashriflaridan biri boʻlgan. Bu erda Shveytsariyaning rivojlanish va hamkorlik boʻyicha Agentligini moliyaviy koʻmagida suv resurslaridan foydalanish samarasini oshirishga yoʻnaltirilgan BMT Qoʻshma dasturining loyihasi amalga oshirilmoqda. Xelena Freyzer va Olive Shav, mazkur boshqarmaning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilab, hamkorlik loyihasi doirasida olingan ofis uskunalari va texnika vositalarini topshirdilar.