TOSHKENT, 18 okt — Sputnik. 2017 yil 17 oktyabr kuni Oʻzbekistonga amaliy tashrif bilan kelgan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov Samarqand shahridan Buxoro viloyatiga yetib keldi.
Mehmonlar Buxoro xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Martabali mehmon Buxoroga tashrifini Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi bilan tanishishdan boshladi.
Ramzan Qodirov Mir Arab Oliy madrasasining faxriy talabasi sifatida oʻqishga qabul qilingani Oliy madrasa rektori Haydarxon Yoʻldoshxoʻjayev tomonidan eʼlon qilindi.
Ramzan Qodirov otasi tahsil olgan xonaga kirib hayratga tushdi
Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan Ramzan Qodirov marhum Checheniston Respublikasining birinchi Prezidenti Ahmad xoji Qodirovning ushbu madrasada yashab tahsil olgan "Mir arab" madrasasidagi xonasini kirib koʻrdi.
Xonada Ahmad xoji Qodirovning birga taʼlim olgan tengdoshlari haqidagi lavhalar mehmonlarning xayratiga sabab boʻldi. Ramzan Qodirov tashrifi asnosida ushbu bilim dargohi koʻplab mamlakatlarda sof islom eʼtiqodini shakllanishida xizmat qilganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.
Soʻngra, mehmonlar bilim yurtining tarixi va unda tahsil olgan talabalar haqidagi maʼlumotlar bilan tanishdi. Mir Arab madrasasi ziyorati Checheniston rahbarida katta taassurot qoldirdi.