TOSHKENT, 18 okt — Sputnik. Oʻzbekistonda kelgusi 5 yil ichida asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2017 yildagi 15,4 ming tonnadan 2021 yilga borib 23,7 ming tonnagacha yetkazish nazarda tutilgan. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar qildi.
Joriy yil 16 oktyabr kuni prezident asal yetishtirish va uni qayta ishlash hajmlarini koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan 2017-2021 yillarda asalarichilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqladi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda asalarichilik sohasida 12 mingdan ortiq tadbirkor faoliyat koʻrsatmoqda. Aholining asal mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida 2016 yilda 12 ming tonna asal yetishtirildi. Bu 2015 yilga nisbatan 1,2 marta koʻpdir.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, asal yetishtirish tarmogʻida qator muammolar mavjud. Jumladan, asalari oilalarining mahsuldorligi 20 kilogrammdan oshmaydi, bu jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan ham pastdir. Asalarichilik sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish, asal yetishtirishning zamonaviy texnologiyalarini keng joriy etish va yuqori texnologik usullaridan foydalanish masalalariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayapti.
Vaziyatni oʻzgartirish maqsadida "Oʻzbekiston asalarichilari" uyushmasini tashkil etildi. Uyushma asal mahsulotlari ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini tizimli tashkil etish, asalari paketlari yetishtirish va ozuqa bazasini mustahkamlash, shuningdek, asal yetishtirish jarayoniga ilmiy asoslangan usullar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish vazifalari bilan shugʻullanadi.
Uyushma tizimiga joylarda asalarichilik tarmogʻi tashkilotlari ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha 13 ta doimiy vakil kiritildi. "Oʻzbekiston asalarichilari" uyushmasining "Apimondiya" xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga aʼzo boʻlishi nazarda tutilgan.
Kadrlar masalasi ham chetda qolmadi. Asalarichilik sohasida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash maqsadida 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Fargʻona davlat universitetida zootexnika fakultetini tashkil etish boʻyicha takliflar kiritish topshirilgan.
Asalarichilik xoʻjaliklari tomonidan asal yigʻish mavsumi davomida oʻrmon fondi yerlaridan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan, togʻ va togʻoldi hududlaridan, tabiiy pichanzor va yaylovlardan hamda qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
Tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha "Oʻzbekiston asalarichilari" uyushmasiga aʼzo tashkilotlar tomonidan olib kelinadigan naslli materiallar, asalarichilik sohasida qoʻllaniladigan inventarlar va uskunalar, asalari uyalarini tashuvchi maxsus transport vositalari va tirkamalar, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qoʻllaniladigan veterinariya dori vositalari va preparatlar, asalari uyalari ishlab chiqarish uchun yogʻoch va zarur materiallar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, mumparda va mum mahsulotlarini 2023 yil 1 yanvarigacha bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etish boʻyicha imtiyoz berildi.