TOSHKENT, 18 okt — Sputnik. MXX Samarqand viloyati boshqarmasi va IIB tezkor xodimlari maxsus oʻtkazilgan operatsiya natijasida Samarqand qishloq xoʻjaligi institutida yuzaga kelgan noqonuniy sxemani fosh etishdi.
Olingan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti "Veterinariya" fakulteti dekan oʻrinbosari Kamoliddin Oʻroqov va oʻqituvchilar Xolmurod Raximov, Xasanboy Esanov va Sherqoʻzi Azimovlar bilan birgalikda jinoiy til biriktirgan holda pul mablagʻlarini talabalardan talab qilish boʻyicha noqonuniy sxemani oʻylab topishgan.
"Institut xodimlari talabalar va ularning ota-onalaridan pul mablagʻlarini talab qilishgan. Goʻyoki ularni oʻqishga kiritish imtihonlarida yordam berishgan. Aks holda ularni oliygoh talabalari safidan chiqarish bilan qoʻrqitganlar. Jumladan, dekan oʻrinbosari "Veterinariya" fakulteti oʻqituvchisidan 7 ming dollarni talab qilgan. Oʻz navbatida bu oʻqituvchi mablagʻlarni uch nafar birinchi kurs talabalaridan yigʻib chiqishi kerak boʻlgan", — deb taʼkidladi huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili.
Tezkor xodimlar K.Uroqov, X.Raximov, X.Esanov, SH.Azimovlarni pul mablagʻlarini olayotganda qoʻlga oldilar. Samarqand viloyati prokuraturasi ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi taʼmagirlik boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Eslatib oʻtamiz, sal ilgariroq huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tezkor xodimlari tomonidan Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti iqtisodiyot fakulteti dekan oʻrinbosari Ulugʻbek Umirov va uning sheriklari boʻlgan ikki nafar talabani qoʻlga olingandi. Ayblanuvchi abituriyentlarning ota-onalaridan oʻqishga kirish masalasini ijobiy hal etish evaziga pul talab qilgan.