Jamiyat

"Tashkent City" turk arxitektorlari rejasi asosida quriladi

"Tashkent City" loyihasi boʻyicha 8ta bosh reja tayyorlangan va respublika rahbariyatiga koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan

TOSHKENT, 21 okt – Sputnik. "Tashkent City" xalqaro biznes markazi loyihasi kontseptsiyasini tayyorlash doirasida Turkiya, Singapur va mahalliy arxitektura kompaniyalari vakillari taklif etildi. Bu haqda biznes markazning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, "Tashkent City" loyihasi boʻyicha 8ta bosh reja tayyorlangan va respublika rahbariyatiga koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan. Yakunda Turkiyaning Tabanlıoğlu Architects kompaniyasi tomonidan tayyorlangan bosh reja tasdiqlangan.

Tabanlıoğlu Architects kompaniyasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuvda loyiha tafsilotlari muhokama qilindi hamda qilinadigan ishlarning navbatdagi bosqichi aniqlab olindi.

Eslatib oʻtamiz, "Tashkent City" xalqaro biznes markazi Islom Karimov, Alisher Navoiy shohkoʻchalari, Furqat va Olmazor koʻchalari orasida 80 gektar maydonda joylashadi.

Xalqaro biznes markazi seysmik xususiyatlar, shaharning arxitektura qiyofasi, Markaziy Osiyo shaharsozlik anʼanalaridan kelib chiqqan holda tabiat bilan hamohanglikda barpo etiladi.

Biznes ofis, mehmonxona va apartamentlar uchun moʻljallangan, zamonaviy texnologiyalar boʻyicha bunyod etiladigan binolarning balandligi 40 qavatdan oshmaydi, turarjoylarning balandligi esa 12 qavatgacha boʻladi.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader