TOSHKENT, 27 okt — Sputnik. "Oʻzbektelekom" yaqin vaqt ichida Uzphone messenjerini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqaruvchilarning bildirishlaricha, u Telegram, Skype, Viber va WhatsApp messenjerlarining muqobili boʻladi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Hozirda messenjer alfa-sinov bosqichida boʻlib, u orqali hozircha matnli xabarlar joʻnatish va qoʻngʻiroq qilish mumkin.
"Hozircha u keng ommaga taqdim etilgani yoʻq. Ikki oy ichida beta-sinov bosqichiga oʻtamiz. Kelasi yili u rasman taqdim etilishi rejalashtirilgan", — dedi "Oʻzbektelekom" filiali direktori Marat Fattohov.
Fattohovning aytishicha, jahonga mashhur ilovalarning mahalliy muqobilini yaratish zarurati qator omillar, jumladan, xorij kompaniyalari Oʻzbekistonda topayotgan daromadning bir qismini mamlakatda qoldirish istagi hamda foydalanuvchilarga kamroq traffik sarflash imkonini berish bilan bogʻliq.
Kelgusida, taxminan bir yildan soʻng ilova smart-televizorlar va kuzatuv kameralari bilan ham bogʻlanadi. Kompaniya 1 million nafargacha ushbu messenjer foydalanuvchilariga texnik xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.