TOSHKENT, 28 okt – Sputnik. Bugun Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tashkent City xalqaro biznes markazi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident qurilish uchastkasida ushbu zamonaviy markaz loyihalari va rejalari bilan tanishdi. Buyurtmachi va quruvchilar oldida turgan vazifalar, tashkiliy va moliyaviy masalalarni muhokama qildi. Loyihalarni takomillashtirish, qurilishni tezlashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Eslatib oʻtamiz, Tashkent City xalqaro biznes markazi poytaxtning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat koʻchalari oraligʻidagi 80 gektar hududda barpo etiladi. Loyihaga muvofiq Tashkent Cityda biznes markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xol, koʻrgazma zallari, koʻp qavatli zamonaviy uylar, restoranlar, sunʼiy koʻl, favvoralar, ijtimoiy va boshqa obʼyektlar quriladi.
Hozirgi kunda hududni qurilishga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda. Markazni loyihalashtirish va qurishga Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarning yetakchi loyiha institutlari, chet ellik investorlar jalb etilmoqda.