TOSHKENT, 17 noya — Sputnik. Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bugun Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Alisher Sultonovni qabul qildi. Bu haqda Sputnik Ozarbayjon saytida xabar qilinmoqda.
Uchrashuv davomida Sultonov Ozarbayjon rahbariga Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Sultonovning aytishicha, Oʻzbekiston prezidenti oʻzining Ozarbayjonga tashrifini sabrsizlik bilan kutmoqda va mazkur tashrifning samarali oʻtishi uchun faol tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shuningdek, Sultonov yaqinda ishga tushirilgan Boku-Tbilisi-Kars temir yoʻli haqida gapirar ekan, mazkur loyiha mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida Ozarbayjon prezidenti iliq soʻzlar uchun minnatdorlik bildirdi va Oʻzbekiston prezidenti bilan oʻtkazilgan uchrashuvlaridan qoniqish hosil qilganini maʼlum qildi. U ikki mamlakat va ularning xalqlari oʻrtasidagi birodarlik munosabatlari umumiy tarix, madaniy va diniy omillarga asoslanganligini taʼkidladi.
Ilhom Aliyev savdo, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.