TOSHKENT, 21 noya — Sputnik. Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumani IIB jinoyat-qidiruv boʻlimi xodimi — kapitan A.Yunusov oʻn bir yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar berdi "Postda" nashri.
Xususan, A.Yunusov ilgari jinoyat sodir etgan qizlar bilan tanishib, ularni yoʻldan urib, Faxriddin ismli fuqaroning mashinasiga giyohvand modda tashlab qoʻyishni tayinlaydi. Qizlar mashinaga giyohvand moddani qoʻyib, YPX maskanidan oʻtayotganlarida kapitan A.Yunusov YPX xodimlari bilan hamkorlikda, bunga huquqi boʻlmagan holda, mashinani tintuv qilib, qizlar imo-ishora bilan koʻrsatgan joydan giyohvand moddani topib, Faxriddinning huquqlarini buzgan holda, xolislar ishtirokisiz dalolatnoma tuzadi va hujjatlarni tergovga oshiradi.
Qalbaki hujjatlar asosida Faxriddinga qarshi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 276-moddasi ("Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar") boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi. Tergovda va sudda qizlar Faxriddinga qarshi yolgʻon koʻrsatma beradilar. Natijada Faxriddin aybdor deb topilib, qamaladi.
Faxriddinning onasi sud zalidan yigʻlab, tuhmat qilayotganlarni qargʻab chiqib ketayotganini koʻrgan qizlarning biri oradan bir qancha vaqt oʻtgach, ayol ishlaydigan doʻkonga borib, bor gapni oqizmay-tomizmay hikoya qilib beradi. Shu tariqa Faxriddinning onasi tuman prokuraturasiga arz bilan murojaat qiladi. Ish qaytadan koʻrib chiqiladi. Tergov harakatlari chogʻida A.Yunusov va qizlardan biriga aloqador boʻlgan yuqoridagiga oʻxshash yana bir holat aniqlanadi.
Shunday qilib, Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani IIB JQ tezkor vakili 11 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Shuningdek, unga ikki yil davomida moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarni egallash taqiqlandi. Qizlarga ham qilmishlariga yarasha jazo tayinlandi.