Jamiyat

Prezident qishloq xoʻjaligining 4 asosiy muammosi haqida batafsil aytib oʻtdi

© Sputnik / Sergey LesketSelskoye xozyaystvo
Selskoye xozyaystvo - Sputnik Oʻzbekiston
Sugʻoriladigan yer resurslari taqchilligi, eskirgan suv inshootlari va texnika hamda ilm-fan yutuqlari yetishmovchiligi - prezident ushbularni Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining asosiy toʻrt muammosi sifatida sanab oʻtdi va yechim taklif qildi.

TOSHKENT, 10 dek – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjalik xodimlari kunida nutq soʻzlar ekan, bugungi kunda Oʻzbekiston agar sohasining eng asosiy 4 muammosini sanab oʻtdi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Cheklangan yer resurslaridan foydalanish  muammosi

Yerdan unumli foydalanish va uni talon-taroj qilishning oldini olish – eng muhim vazifalardan biridir.

“Mamlakatimizda sugʻoriladigan yerlar atigi 3 million 300 ming gektar boʻlib, uni koʻpaytirishning hech iloji yoʻq. Chunki bizda suv resurslari cheklangan. Aholimiz esa – yildan-yilga koʻpayib bormoqda”, — deb muammoning negiziga oydinlik kiritdi prezident.

Joylarda qatʼiy nazorat yoʻqligi oqibatida sugʻoriladigan yerlarni fermerlar va boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan sotish, oʻzboshimchalik bilan egallab olish va talon-taroj qilish holatlari, afsuski, davom etmoqda.

Zagotovka sena v fermerskom xozyaystve - Sputnik Oʻzbekiston
Fermerlar uchun yangi qonun: yo ishla, yo yerni boʻshat

Joriy yilning oʻzida 20 dan ortiq tumanda, jumladan, Boʻz, Angor, Navbahor, Jomboy, Ohangaron va boshqa tumanlarda sugʻoriladigan yerlar fuqarolar tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olingan. Bunday noxush holatlarni deyarli barcha viloyatlarda kuzatish mumkin.

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi mavjud 700 ming gektarga yaqin lalmi yerning bor-yoʻgʻi 300 ming gektariga gʻalla va moyli ekinlar ekilmoqda. Qani, aytinglar, qolgan 400 ming gektar yerdan nega foydalanmaymiz?

Bunday maydonlarni oʻzlashtirish, ularni muntazam ravishda dehqonchilik ekinlari ekiladigan yerlarga aylantirish oson boʻlmaydi, deb oʻtirsak, oʻtiraveramiz.

Holbuki, bugungi vaziyat barchamizdan tashabbus koʻrsatib, jahondagi ilgʻor tajribalarni chuqur oʻrganish, fidoyilik bilan mehnat qilishni talab etmoqda.

Bunday ezgu ishga qoʻl urgan fermer va dehqonlarimizga biz har tomonlama koʻmak berishga tayyormiz.

Zagotovka sena i zelenoy massы na polyax OAO Sovxoz Akbashevskiy - Sputnik Oʻzbekiston
Iqtisod
Oʻzbekistonda fermerlarga yer berish va yer olish tartibi oʻzgartirildi

Oʻzingizga maʼlum, har qarich yer – davlatning, demakki, xalqimizning bebaho boyligi hisoblanadi. Undan noqonuniy, oʻzboshimchalik bilan foydalanishga hech kimning haqqi yoʻq.

Afsuski, ana shu oddiy haqiqatni tushunib yetmagan yoki tushunishni va unga amal qilishni istamayotganlar hamon uchrab turibdi.

“Yergeodezkadastr” qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida joriy yilda 3 ming 600 ga yaqin fermer xoʻjaligi gʻalla va paxtani shartnomada qayd etilganiga nisbatan 19 ming gektar yerga kam ekkani aniqlangan. 833 ta fermer xoʻjaligi esa 13 ming gektar yerda paxta va gʻalla yetishtirish boʻyicha shartnoma tuzgan boʻlsa-da, amalda bu ekinlarni umuman ekmagan.

Unumdor yerlarni sotayotgan, noqonuniy tarzda uy-joy qurib olayotgan, shartnomada koʻzda tutilgan ekinlarni ekishdan boʻyin tovlayotgan fermerlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻradigan va qonuniy baho beradigan vaqt keldi.

Eskirgan sugʻorish inshootlari muammosi

Ikkinchidan, sugʻorish inshootlari eskirib, tarmoqlar yaroqsiz holga kelib qolgani oqibatida 830 ming gektar yerni sugʻorishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Suv toʻldirayotgan erkak - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Ishtixonda suv inshooti quriladi

Bundan tashqari, 1 million 300 ming gektar sugʻoriladigan yerning meliorativ holatini yaxshilash, 18 ming kilometr kollektor va drenaj tarmoqlarini bosqichma-bosqich tozalash lozim. Shuningdek, 103 ta yirik, 720 ta oʻrta va kichik suv inshootlari yangilash va taʼmirlashga muhtoj.

2017-2018 yillarda bu tadbirlar uchun davlat byudjetidan 1,5 trillion soʻm, xalqaro moliya institutlarining 150 million dollar mablagʻini yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Biroq shularning oʻzi bilan sohadagi mavjud muammolarni toʻliq hal etib boʻlmaydi.

Mamlakatimizda yer resurslaridan samarali foydalanish borasida ham koʻplab ishlarni amalga oshirishimiz zarur. Bu borada suv omborlari tarmogʻini kengaytirish hisobidan lalmi yerlarni oʻzlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratish kerak.

2018-2019 yillar davomida Toshkent viloyatida jami 44 million kub metr suv yigʻiladigan “Parkentsoy”, “Qizilsoy”, “Toshtepa” suv omborlari quriladi. Shu tariqa Parkent va Ohangaron tumanlarida 5 ming gektar lalmi yerlarni oʻzlashtirish imkoniyati yaratiladi.

Orosheniye zemli - Sputnik Oʻzbekiston
Iqtisod
Paxta rejasini bajarmagan tumanlar tomchilab sugʻorish tizimiga oʻtkaziladi

Jizzax viloyatining Forish tumanida “Karaman” suv ombori ishga tushirilgach, 20 ming gektar yer oʻzlashtiriladi.

Qashqadaryo viloyatida “Guldara”, “Ayaqchisoy”, Samarqand viloyatida “Bulungʻur” suv omborlarini qursak, bu qoʻshimcha ravishda 2 ming gektar ekin maydonlarini oʻzlashtirish, 2 ming 300 gektar yerda suv taʼminotini yaxshilash imkonini beradi.

Navoiy viloyatidagi “Sentobsoy”, Namangan viloyatidagi “Qorasuv”, “Yertikan”, “Uychi” suv omborlari qariyb 2 barobar kengaytiriladi.

2018-2019 yillarda irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish va sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha davlat dasturiga muvofiq, kelgusi ikki yilda 1 ming 86 kilometr uzunlikdagi kanallar betonlashtirilib, 661 kilometr lotoklar yangidan bunyod etiladi. Shuningdek, 109 ta yirik gidrotexnik inshootlar quriladi va yangi nasos stantsiyalari oʻrnatiladi.

Ana shu tadbirlarni amalga oshirish natijasida 1 million 200 ming gektar yerning suv taʼminoti yaxshilanadi.

Vыstavka v Tashkente - Sputnik Oʻzbekiston
Iqtisod
Qishloq xoʻjalik texnikasiga xizmat koʻrsatish tizimi qayta tashkil qilinadi

Eng asosiysi, yiliga 1 milliard 700 million kub metr suv tejaladi va 600 ming gektar yerning meliorativ holati yaxshilanadi.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Sohada katta natijaga erishmoqchi boʻlsak, birinchi navbatda rizq-roʻzimiz manbai boʻlgan yerni boqishimiz, tuproq unumdorligini oshirishimiz kerak.

Yaroqsiz qishloq xoʻjalik texnikasi muammosi

Hozirgi paytda mamlakatimizdagi 146 ming 295 ta qishloq xoʻjaligi texnikasining 38 foizi allaqachon oʻz umrini oʻtab boʻlgan, yaʼni butunlay eskirgan.

Ayniqsa, meva va sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlar bogʻ va tokzorlarga ishlov berish, sabzavot ekish, parvarishlash va yigʻib olishga moʻljallangan texnikalar bilan bor-yoʻgʻi 34 foiz taʼminlangan, xolos. Bu mehnat unumdorligi va hosildorlikning pasayib ketishiga sabab boʻlmoqda.

Ayni paytda mamlakatimiz boʻyicha 16 ming 495 ta qishloq xoʻjaligi texnikasi yetishmasligi aniqlangan. Buning oqibatida belgilangan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishning imkoni boʻlmayapti va shuning uchun pirovard natijada kutilgan samaraga erishilmayapti.

Biotexnologicheskaya kompaniya Biocad v Sankt-Peterburge - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Yangi tashkil etiladigan ilmiy-tadqiqot instituti nima bilan shugʻullanadi

Bosh vazir oʻrinbosarlari Zoyir Mirzayev, Jamshid Qoʻchqorov va Nodir Otajonovga qishloq xoʻjaligi texnikasini yurtimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, zarur hollarda ularni xorijiy davlatlardan sotib olish uchun moliyaviy manbalarni aniqlash masalalarini hal etish boʻyicha joriy yil 20 dekabrga qadar aniq va amaliy takliflar kiritish vazifasi topshiriladi.

Ilm-fan yutuqlari va qishloq xoʻjaligining bir-biridan ajralib qolgani

Qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishda ilm-fan hayot talablaridan orqada qolayotgani jiddiy muammolardan biridir.

Bugungi kunning eng asosiy muammolardan biri bu – qishloq xoʻjaligida ilm va amaliyotning bir-biridan uzoqlashgani va aksariyat hollarda uzilib qolganidir.

Bir haqiqat barchamizga yaxshi maʼlum: ilm va izlanish boʻlmagan joyda hech qanday rivojlanish, yuksalish va, umuman, biror-bir sohaning kelajagi boʻlmaydi.

Sohada zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta oʻzlashtirgan kadrlar yetishmayotganini ham tan olishimiz kerak. Ayniqsa, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sohalarida veterinar mutaxassislarga ehtiyoj katta.

Regionlararo oʻtkazilgan 13 yarmarka. Sverdlovsk - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Agrar universiteti olimlari 2 kilogramm ogʻirlikka teng limon navini yaratishdi

Chorva mollarining zotini yaxshilash, parrandalarda kasalliklarni erta aniqlash va davolash boʻyicha ilmiy izlanishlar deyarli olib borilmayapti.

Yaqin vaqtgacha chorvachilik sohasida yetakchi boʻlib kelgan yurtimizda bugun zotdor mollarni faqat chetdan olib kelish bilan cheklanib qolayotganimizni nima bilan izohlash mumkin?

Bunday eʼtiborsizlik va sohaning ertangi rivojini oʻylamaslikni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi.

Ana shu holatlarning barchasini inobatga olib, sohaga ilmiy yondashuvni tashkil etish va malakali kadrlar tayyorlash tizimiin yoʻlga qoʻyish maqsadida yurtimizda Veterinariya institutini tashkil etishning fursati keldi, deb hisoblayman.

Xabaringiz bor, biz yaqinda rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, hayotimizga yangi innovatsion texnologiyalar joriy etish koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligini tashkil etdik. Ushbu vazirlik bu borada alohida dastur ishlab chiqib, qishloq xoʻjaligi sohasiga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi gʻoyat muhim masaladir.

chitatelnitsa v biblioteke - Sputnik Oʻzbekiston
Jamiyat
Toshkentda Oʻzbekiston talabalarining Milliy ilmiy-maʼrifiy markazi tashkil etiladi

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini chuqur tahlil qilgan holda, uzumning sanoatbop navlari, limon va mevali daraxt koʻchatlari yetishtirish – hozirgi davr talabidir. Afsuski, ushbu institutning ayni paytdagi holati bugungi mezon va talabga mutlaqo javob bermaydi.

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Gʻallaorol ilmiy-tajriba stantsiyasi negizida Lalmikor dehqonchilik institutini tashkil etishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda. Bunday ilmiy-tadqiqot markazi lalmi yerlardan samarali foydalanish boʻyicha zamonaviy ilmiy izlanishlarni yanada kengaytirish imkonini yaratadi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, qishloq xoʻjaligida samaradorlikni oshirish uchun barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, tumanlardagi 4 ta sektor rahbarlari masʼuliyatini kuchaytirish talab etiladi.

Vazir boʻladimi, viloyat yoki tuman hokimi boʻladimi – barcha rahbarlar qishloq xoʻjaligi masalalari, yaʼni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tashabbus koʻrsatib ishlashi, eng muhimi, natijadorlikka erishmogʻi shart.

Qishloq xoʻjaligi sohasida nomiga, koʻzboʻyamachilik bilan ish yuritib, natijaga erishib boʻlmaydi.

Masalaga ana shu nuqtai nazardan qaragan holda, ishdagi nuqson va kamchiliklari uchun Jizzax va Toshkent viloyatlari hokimlarini, bir qator vazirlar va tumanlar hokimlarini almashtirishga toʻgʻri keldi.

Vaqtida oldi olinmasa, har bir ishga masʼuliyat bilan yondashilmasa, bunday jiddiy kamchiliklar qishloq xoʻjaligi unumdorligi va natijadorlikka salbiy taʼsir koʻrsatishini barcha rahbarlar yaxshi tushunib yetishi zarur.

Yuqorida aytilgan reja va dasturlarni amalga oshirish uchun bizda kuch va imkoniyatlar, bilim va tajriba yetarli. Gap faqat ishni fidoyilik va omilkorlik bilan, toʻgʻri va samarali tashkil etishimizga bogʻliq.

Shavkat Mirziyoyev nutqining toʻliq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Yangiliklar lentasi
0
Avval yangilariAvval eskilari
loader
LIVE
Zagolovok otkrыvayemogo materiala