TOSHKENT, 19 dek — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻi bilan 2018 yil Qoraqalpogʻistonda 15 ming gektar yerlarga paxta oʻrniga qizil qalampir ekiladi.
Shu jumladan, prezidentga, eksportga chiqariladigan qizil qalampir boʻyicha istiqbolli loyihani taqdim etishdi, deb yozadi "Novosti Uzbekistana".
Mutaxassislarning fikricha, qizil qalampir ekilgan bir gektar maydondan 15-20 tonnagacha hosil olish mumkin. Besh kilogramm hosildan 1 kilogramm quritilgan qalampir olinadi. Bu mahsulotning bir tonnasi jahon bozorida taxminan 8640 dollarga baholanadi.
"Yaqinda bir guruh mutaxassislar va tuman hokimlari bilan Indoneziyada komandirovkada boʻldik. Oʻsha yerda eksportga moʻljallangan mahsulotlarni yetishtirish boʻyicha tajriba almashdik. 2018 yilda fermer xoʻjaliklarining 1000 gektar dala maydonlarida Indoneziyadan keltiriladigan qizil qalampirni yetishtiramiz. Bunda kam hosil beradigan paxta maydonlaridan foydalaniladi", — deb taʼkidlagan Beruniy tumani hokimi Farhod Ermonov.
Qoraqalpogʻistonda qalampirning chet eldan keltiriladigan navlari ekiladi. Ularning achchiqlik darajasi jahon standartlariga mos tushar va ular yaxshi eksport qilinar ekan. Oʻzbekistonlik fermerlarga bu borada Indoneziyalik mutaxassislar yordam berishi kutilmoqda.