TOSHKENT, 26 dek — Sputnik. Maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslarga bir qator imkoniyatlar yaratildi, deb xabar qildi Soliq qoʻmitasi matbuot-xizmati.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 dekabrdagi "Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va uning tizimidagi muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida"gi 991-sonli qarori bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, tumanlar va shaharlarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan "nol" qiymatda bino berish belgilab qoʻyildi.
Shuningdek, xususiy investorlarning oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan binolarda tashkil etilgan nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarining 2023 yil 1 yanvargacha foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari uchun toʻlovning 50 foizi oʻz mablagʻlari hisobidan hamda qolgan 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanishi tartibi joriy qilindi.