TOSHKENT, 26 dek — Sputnik. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Moliya vazirligidan yoppasiga 50 kishi ishdan olingani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
OʻzA bergan rasmiy xabarga koʻra, 22 dekabr kuni Mirziyoyev tanqididan keyin Moliya vazirligi markaziy apparatidan 2 nafar bosh boshqarma boshligʻi, 2 nafar bosh boshqarma oʻrinbosari, 4 nafar boshqarma boshligʻi, 1 nafar boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, 3 nafar boʻlim boshligʻi hamda 4 nafar xodim, jami 16 kishi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Bugungi kunga kelib bularning safiga 8 kishi qoʻshilgan va bu raqam 24 tani tashkil etadi.
Jumladan, Gʻaznachilik boshligʻi oʻrinbosari — Amaliyot boshqarmasi boshligʻi F.Nurmuhamedov, Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshligʻi SH.Xaydarov, Sanoatning bazaviy tarmoqlari va yoqilgʻi-energetika majmui moliyasi boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi A. Abdullayev, Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari M.Agzamov, Soliq va bojxona-tarifi siyosati boshqarmasining boshligʻi I. Golisheva, Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi Tashkiliy-uslubiy ishlar boʻlimi boshligʻi B.Jumayevlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi, deb xabar qilgan nashr.