TOSHKENT, 19 yanv — Sputnik. Yer maydoni kadastr hujjatlarini pora evaziga "toʻgʻrilashga" vaʼda bergan xodim jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda "Huquq" gazetasi xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Ellikqalʼa tuman Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi bosh mutaxassisi boʻlib ishlagan X.Saparov (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) hududdagi fermer xoʻjaliklaridan birining rahbari J.Ibadullayevga uning yer maydoni kadastr hujjatlarini "toʻgʻrilashga" yordam berishini aytadi.
Xodim hech kanday toʻlov toʻlanmaydigan kadastr xizmatlari uchun undan 1000 AQSH dollari soʻraydi.
Avvaliga fermerlik harakatini kengaytirish, yaʼni qoʻshimcha parrandachilik bilan shugʻullanish maqsadida 6 gektar yer maydoniga ega boʻlish ishtiyoqidagi fermerga bu vaʼdalar maʼqul tushadi va u aytilgan miqdordagi pulni berishga rozi boʻladi.
Biroq, oradan kunlar oʻtib, J.Ibadullayev bu harakatlarning "maʼno"sini tushunadi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiladi.
Uning murojaati yuzasidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda X.Saparov J.Ibadullayevdan firibgarlik yoʻli bilan talab qilingan pulning 800 AQSH dollarini olayotgan paytda qoʻlga olindi va sudning hukmiga binoan jinoiy jazoga tortildi.