TOSHKENT, 22 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston Turizmni rivojlantirish Davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan tadbirlarni yagona kalendari chiqarilishini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
"Esingizda bor, oldingi safar Ginness rekordini oʻrnatish uchun osh damlashdi. Mana yaqinda Denovda ham shunday tadbir boʻldi. Lekin kim bildi? Ikki-uch kun oldin bilindi, xolos. Bunday tadbirlarni oldindan rejalashtirishimiz kerak, chunki Oʻzbekistonda tuman darajasida, viloyat darajasida oʻtkaziladigan tadbirlar juda ham koʻp. Masalan, "Margʻilon adrasi", Buxorodagi "Shelk i spetsii", Xivadagi "Raqs sehri", Boysundagi "Boysun bahori" va hokazolar", — dedi Abduhakimov.
Oʻzbekturizm qoʻmitasi raisining soʻzlariga koʻra, ana shunday tadbirlarni koʻpaytirish boʻyicha Oʻzbekistondagi koʻplab hududlar bilan, mahalliy hokimliklar bilan ishlar olib borilmoqda, qoʻmita bu borada ularga oʻz takliflarini kiritgan.
"Yagona kalendarga tushsak yilni boshidan OAV xodimlari ham, aholimiz ham, chet ellik mehmonlarimiz ham Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan rang-barang tadbirlar haqida oldindan biladilar va ishtirokchisiga aylana oladilar", — dedi Abduhakimov.