TOSHKENT, 22 yanv — Sputnik. Bugun Toshkent vaqti bilan 16-00da Respublika prezident qabulxonasi oldidan start berilishi rejalashtirilgan Aqtoʻbe qurbonlari oilalariga yordam xayriya marafoni bekor qilindi, deb xabar qildi voqea joyidan Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Ayni vaqtda butun Oʻzbekiston boʻylab xayriya maqsadini ilgari surib, pul ishlayotgan firibgarlar "bolalab ketgan"i uchun marafon oʻtkazilmaydigan boʻldi.
Bu haqda marafon tashkilotchisi Ilhomjon Qosimov Sputnik muxbiriga xabar qildi.
Qosimov shuningdek, bu haqda oʻzining Feysbukdagi sahifasida ham rasman maʼlum qilgan.
"Assalomu alaykum azizlarim. Eʼlon qilingan taʼziya marafoni oʻtkazilishi xaqidagi xabarni toʻxtatildi deb hisoblashingizni soʻrayman. Qandaydir kimsalar aynan biz toza fikr bilan boshlagan xayrli ishimizdan gʻayrli maqsadda foydalanib oʻzlari xisob raqam ochib butun ijtimoiy tarmoqga meni nomimdan xarakatlanishni boshlab yuborishibdi. Har xil javobgarlikdan oʻzimni soqit qilish maqsadida oʻtkaziladigan taʼziya marafonini oʻtkazmaslikga qaror qildim", — deyilgan xabarda.
Post muallifi tavsiyasiga koʻra, Aqtoʻbe qurbonlari oilalariga yordam berishni xohlagan fuqarolar bundan buyogʻiga mahalliy hokimlik vakillariga murojaat qilishlari lozim.
Eslatib oʻtamiz, 52 kishining hayotiga zomin boʻlgan dahshatli fojea Qozogʻiston Respublikasi Aktoʻbe oblasti Irgʻiz tumani hududidan oʻtuvchi "Samara-Chimkent" avtomobil yoʻlining 1068 kmda Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda yuz bergan.
Maʼlum boʻlishicha, Setra rusumli avtobus harakatlanayotgan vaqtida alanga olgan. Avtobus Qozogʻiston janubidan Rossiyaning Qozon shahriga yoʻl olgan boʻlgan. Avtobus ichida boʻlgan 57 kishidan faqat 5 nafari omon qolgan. Halok boʻlganlarning barchasi Oʻzbekiston fuqarolari va ularning aksar qismi Namangan viloyatidan boʻlgan.