O‘zbekiston mahsuloti "Prodekspo-2018"da nima uchun oltin medal oldi

© Sputnik / /Lev RijkovUzbekskiy stend shampanskix vin na vistavke "Prodekspo" v Moskve
Uzbekskiy stend shampanskix vin na vistavke Prodekspo v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Moskvada 5-9 fevral kunlari "Prodekspo-2018" 25-xalqaro oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Sputnik muxbiri ko‘rgazmadagi O‘zbekiston Respublikasi stendi bilan tanishdi va taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

TOShKENT, 9 fev — Sputnik, Lev Rijkov. Dam olish kunidagi ulkan Samarqand bozorini: uning turli-tuman mahsulotlari, eng asosiysi, mo‘l-ko‘lchilikni ko‘z oldingizga keltiring. So‘ngra bularning barini besh baravarga ko‘paytiring. Savdo rastalarini va ulardagi mahsulotlarni nazarda tutapman. Xaridorlar sonini esa hech ikkilanmay o‘n martaga ko‘paytirishingiz mumkin.

Moskvadagi Ekspomarkazda bo‘lib o‘tgan "Prodekspo" ko‘rgazmasi ko‘lami ana shu miqyosda bo‘ldi. Dunyoning oltmish uch mamlakatidan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, xom ashyolar namoyish etildi. Albatta, O‘zbekistondan ham.

Toshkent shampanining siri

O‘zbekistonning "Ming bir kecha" uslubidagi boy va go‘zal stendida shampan shishalariga ko‘zimiz tushdi. "O‘zbekiston shampani" aksiyadorlik jamiyati o‘z mahsulotlarini namoyish etayotgandi.

"O‘zbekistonda shampan 1942-yildan beri ishlab chiqariladi, — deydi kompaniya tashqi iqtisodiy departamenti xodimi Doniyor Yodgorov. — Vino ishlab chiqarish texnikasi evakuatsiya vaqtida Rostov, Inkerman, Ukrainadan keltirilgan".

Bu yil o‘zbekistonlik vino ishlab chiqaruvchilar "Prodekspo"ga yangi mahsulotlari bilan kelishgan. Masalan, 1942-yildan buyon ilk bor respublikada brut (shampan vinosi turi) ishlab chiqarildi. U ko‘rgazmada namoyish etildi.

© Sputnik / /Lev RijkovO‘zbekistondagi vino ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari
Predstaviteli uzbekskoy kompanii po proizvodstvu shampanskogo na vistavke Prodekspo - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistondagi vino ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari

"Uni klassik va akrotofor uslubda tayyorladik, — deydi Doniyor. — Ta’mi a’lo darajada bo‘ldi. Shu bois uni eng yaxshi mahsulot tanloviga taqdim etdik. Hayajonlanyapmiz. Chunki raqobatchilar kuchli. Bu brutni fransiyalik hamkorlarimiz bilan tayyorladik, ular Fransiyaning Shampan viloyatidagi zavod vakillari".

Kelgusida vino ishlab chiqaruvchilar o‘zlari yetishtirgan uzumlardan vino tayyorlashni rejalashtirishgan.

"Hukumat bizga uzum yetishtirish uchun uch yuz gektar yer ajratgan, — deydi Doniyor Yodgorov. — Kelgusi yili dastlabki hosilni olamiz".

Kompaniyaning asosiy savdo hamkori Rossiya, lekin bu yil Xitoy va Latviya bilan hamkorlik o‘rnatilishi kutilmoqda. Hozirda muzokaralar shartnoma tuzish bosqichida.

"Respublikada vinochilik juda yaxshi rivojlanmoqda, — deydi Doniyor. — Mamlakatimiz hukumati imtiyoz va preferensiyalar ajratmoqda. Hech qanday muammosiz kreditlar berilmoqda".

Bu vaqtda o‘zbek shampanining xaridorlari ko‘payib borardi. Ko‘rgazma mehmonlari stendga yaqinlashib xitob qilishardi: "O! O‘zbek shampani!". Mezbonlar mehmondo‘stlikning eng oliy namunasini ko‘rsatib barchani mehmon qilar, ularning baho berishlarini kuzatib turishardi. Baho esa hamma tomonidan bir xilda edi: "Ajoyib!".

© Sputnik / /Lev RijkovKo‘rgazma mehmonlari o‘zbek shampanini totib ko‘rishmoqda
Posetiteli Prodekspo degustiruyut uzbekskoe shampanskoe - Sputnik O‘zbekiston
Ko‘rgazma mehmonlari o‘zbek shampanini totib ko‘rishmoqda

"Rossiya bozori biz uchun yaxshi tanish, — deydi "O‘zvinosanoat" xoldingi investitsiyalar va xorijiy iqtisodiy faoliyat boshqarmasi boshlig‘i Adola Vostrikova. — Bu bozor an’anaviy ravishda bizning bozor hisoblanadi. Bizning bir nechta korxonalarimiz Rossiyada o‘z mijozlariga ega. Hozirda Xitoy bozoriga ham chiqmoqdamiz".

Xaridorgir mahsulotlar

O‘zbekiston stendi har qanday ko‘rgazmada odam eng gavjum stend hisoblanadi. Go‘yoki sharq bozoriga o‘xshaydi. Peshtaxtadan Buxoro, Xiva, Samarqand va Toshkent manzaralari aks etgan qutilarga joylangan yong‘oq, quritilgan mevalar o‘rin olgan. Qo‘lingiz beixtiyor bu go‘zallik sari uzatiladi.

Peshtaxta ortidagi xushmuomala menejerning ismi Odar ekan.

© Sputnik / /Lev RijkovO‘zbekistondan keltirilgan quritilgan mevalar va shirinliklar
Uzbekskie sladosti, orexi i suxofrukti na vistavke Prodekspo v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistondan keltirilgan quritilgan mevalar va shirinliklar

"Bizning barcha quritilgan mevalarimiz 100 foiz tabiiy, — deydi u. — Ularni o‘zimiz quritamiz, tozalaymiz, bug‘ bilan qayta ishlov beramiz".

Suhbatdoshimning aytishicha, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotning sifatli bo‘lishidan tashqari uning chiroyli qadoqlanishi ham muhim ahamiyatga ega ekanligini yaxshi tushunib olishgan. Quritilgan mevalar va yong‘oqlarning mahsulot shaklidagi ko‘rinishi ustida eng yaxshi dizaynerlar ishlagan. Qadimiy shaharlar manzaralari tushirilgan qutilar yaqindan beri ishlab chiqarilmoqda. Odarning aytishicha, quritilgan meva va yong‘oqlar kilolab ham sotiladi. Hattoki qoplab ham. Lekin qadoq — buyuk kuch.

© Sputnik / /Lev Rijkov"Prodekspo" ko‘rgazmasida namoyish etilgan o‘zbek shampanlari
Uzbekskoe shampanskoe na vistavke Prodekspo v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
"Prodekspo" ko‘rgazmasida namoyish etilgan o‘zbek shampanlari

"Ko‘pchilik bilan suhbatlashdik, — deydi u. — Xitoylar, turklar mahsulotlarimizni ko‘rishdi, tijorat takliflarini berishdi. Kelasi haftada Turkiya yoki Xitoyga borishimiz mumkin. Gap mahsulot ishlab chiqarishni xorij texnikasi orqali kengaytirish haqida bormoqda. U yerga borib qanday uskunalar borligini ko‘ramiz".

P.S. Maqola chop etilishi arafasida tanlovga taqdim etilgan "O‘zbegim" bruti oltin medalga sazovor bo‘lganligi xabar qilindi. Biz g‘oliblarni qutlaymiz va kelgusi yili ham o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlari bilan yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘lishlariga ishonamiz.

Yangiliklar lentasi
0