O‘zbekistonda 1-iyulga qadar butunlay yangi Soliq kodeksi ishlab chiqiladi

CC0 / Pixabay / StartupStockPhotos Nalogi. Rascheti
Nalogi. Rascheti - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Maxsus tashkil qilingan komissiya va ishchi guruhlar ushbu sohadagi xalqaro tajribani chuqur o‘rgangan holda O‘zbekiston yangi Soliq kodeksini ishlab chiqadi.

TOShKENT, 14 fev – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni O‘zbekiston soliq tizimini takomillashtirishga qaratilgan F-5214-sonli farmoyishni imzoladi.

Unda aytilishiga ko‘ra, ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, bugungi kunda amal qilayotgan O‘zbekiston Soliq kodeksi samaradorlik, xorijiy tajribalardan unumli foydalanish, soliqlar yig‘ilishining to‘liqligi va shaffofligi  jihatidan qoniqarsiz holda qolmoqda.

 

Soliq kodeksining yangi tahririni tayyorlash maqsadida yetakchi olim va yuqori malakali mutaxassislar, ekspertlar, tadbirkorlik tuzilmalari va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat maxsus komissiya tashkil etildi.

Ushbu maxsus komissiya va ishchi guruhlar 2018-yilning 1-iyuliga yangi Soliq kodeksiga loyihasini ishlab chiqarishlari kerak.

Yangi Soliq kodeksiga quyidagi talablar qo‘yilmoqda:

 

  • xalqaro norma va standartlar hamda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga javob beradigan normalar yaratilishi; 
  • ikki xil talqin qilinishi mumkin bo‘lgan normalarni chiqarib tashlash maqsadida ularni inventarizatsiya qilish; 
  • soliqqa tortish tizimini soddalashtirish;
  • soliq to‘lovchilar huquqlarining himoyasini izchil ta’minlash; 
  • soliqqa tortilishdan bo‘yin tovlash imkoniyatini istisno qilish; 
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarning umumiy soliq yukini pasaytirish;
  • samarasiz soliq va yig‘imlarni bekor qilish; 
  • kichik va yirik biznes subyektlarining soliq yukini maksimal darajada barobarlashtirishga xizmat qiladigan usullarni joriy etish; 
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqish mexanizmini soddalashtirish; 
  • "soliq imtiyozi" va "soliq preferensiyasi" tushunchalarini aniq chegaralash;
  • samarasiz va eskirgan soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish va boshqalar; 

 

Soliq tizimidagi o‘zgarishlar tadbirkorlik faoliyatiga xalal berishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uning uzoq vaqt davomida barqaror saqlanib turishiga ham alohida e’tibor berilgan.

“Tadbirkorlarga biznesning o‘rta muddatli istiqbolda rivojlanishini asosli ravishda prognoz qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun soliq tizimining barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratsin”, — deyilgan farmoyishda.

Shuningdek, farmoyishda soliq tizimini takomillashtirishning birinchi bosqichi — O‘zbekiston Respublikasi soliq-budjet siyosatini takomillashtirish konsepsiya loyihasini ishlab chiqish 2018-yil 1-aprelga qadar tugatilishi belgilangan.  

Ikkinchi bosqichi, ya’ni Soliq kodeksi yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishi esa – 2018-yil 1-iyul kuniga qadar yakunlanishi belgilangan.

Farmoyishning to‘liq matni bilan prezident rasmiy sahifasida tanishing.

 

Yangiliklar lentasi
0