TOSHKENT, 25 fev — Sputnik. Rossiyaning bir nechta federal okrugida Oʻzbekistonning bosh konsulliklari taʼsis etildi, dedi Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
"Vladivostok, Yekaterinburg, Qozon va Rostov-Don shaharlarida Oʻzbekistonning bosh konsulliklarini taʼsis etish haqida Rossiya hukumatining farmoyishi eʼlon qilindi", — dedi Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri.
Vazir Rossiyaning yana qaysi hududlarida konsulliklar ochish zarurligini aniqlagan holda Rossiya hukumati bilan hamkorlikda ushbu jarayon davom ettirilishini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, 22-23 fevral kunlari Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiyaga tashrif buyurdi. Tashqi ishlar vaziri rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov va Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan muzokaralar oʻtkazdi.