TOSH, 27 fev — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifiga oid tashkiliy masalalar shaxsan prezidenti Imomali Rahmon nazoratiga olingan, dedi Tojikistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy OʻzAga bergan intervyusida. Bu haqda Sputnik Tojikiston yozmoqda.
Imomiy Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishini taʼkidladi.
Elchi ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi soʻnggi bir yilda 80 foiz oshganini va yaqin ikki yil ichida bu koʻrsatkichni yiliga 500 million dollarga yetkazish koʻzda tutilayotganini aytib oʻtdi.
Eslatib oʻtamiz, Tojikiston prezidenti matbuot xizmati Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mart oyining birinchi oʻn kunligida Dushanbega davlat tashrifi bilan kelishini maʼlum qilgandi.
Davlat tashrifi davomida oʻnlab muhim hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.