TOSHKENT, 2 mar — Sputnik. "Oʻzbekkino" agentligi Hindistonning "3rd Rock multimedia" prodyuserlik kompaniyasi oʻz kliplarini Oʻzbekistonda suratga olishi haqida xabar qildi.
Ushbu kompaniya tomonidan suratga olingan videomahsulotlar — You-Tube dagi 30 million kishiga yaqin aʼzolari boʻlgan T-Series kanalida namoyish etiladi. Kompaniyaning marketing boʻlimi rahbari janob Raj Surining taʼkidlashicha, hindistonlik qoʻshiqchilarning kliplarini Oʻzbekistonda suratga olish, mamlakat turizmi rivojiga ijobiy taʼsir oʻtkazishi mumkin.
"Oʻzbekistonga keladigan har bitta hind sanʼatkori bu haqda albatta ijtimoiy tarmoqlarda maʼlum qiladi. Ularni esa millionlab muxlislari kuzatib borishadi", — degan Janob Suri.
Mumbayning "Dimaz Agastyaa Productions Private Limited" kinokompaniyasi esa 1990 yillardan boshlab MDH mamlakatlari bilan sayyyohlik, yuk tashish va filmlar suratga olish sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda.
Ushbu kinokompaniya vakillari Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastrining hayotiga bagʻishlangan qisqa metrajli filmning baʼzi lavhalarini Oʻzbekistonda suratga olish taklifini bildirishmoqda. Mazkur film Lal Baxodur Shastrining hayoti va faoliyatini oʻrganayotgan yosh jurnalist haqida boʻlib, unda "Toshkent shartnomasi" va Lal Bahodur Shastrining Toshkent shahridagi vafoti haqida hikoya qilinadi.