TOSHKENT, 5 mar — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Buyuk hind siyosatchisi Lal Bahodur Shastri haqidagi filmning ayrim lavhalari Toshkentda suratga olinadi. Bu haqda shu kunlarda "Oʻzbekkino" milliy agentligi xabar berdi.
Bularning barchasi aslida qanday roʻy bergan, SSSRning tinchlik oʻrnatish boʻyicha tashabbusi nega butun dunyoda shov-shuv koʻtarilishiga sabab boʻldi va diplomatning kutilmaganda hayotdan koʻz yumishiga aslida nima sabab boʻlgani toʻgʻrisida Sputnik muxbiri bilan suhbatda ushbu tarixiy jarayon guvohlaridan biri — siyosatshunos Muhammadjon Qodirov soʻzladi.
Tinchlik oʻrnatishga Gʻarbning kuchi yetmadi
"1965 yilning avgust-sentyabr oylarida Hindiston va Pokiston oʻrtasida qurolli mojaro yuz berdi. Pokistonning munozarali hudud — Kashmir shtatining Hindistonga qarashli qismida qoʻzgʻolon koʻtarishga urinishidan boshlangan mojaro, tez orada ikki davlat oʻrtasidagi chegara oldi urushiga aylanadi.
Urush oʻta jiddiy tus olayotgandi, oʻz atom bombalariga ega bu ikki davlat bir-biriga tahdid qilishni toʻxtatmas, ular bor kuchlarini oʻrtaga tashlashgan edi. Gʻarbning raqiblarni yarashtirish uchun qilgan hech bir harakati natija bermasdi, omadsiz yakunlanar edi.
Sobiq Ittifoq oʻsha vaqtlarda Pokistondan koʻra Hindistonga doʻstroq edi. Pokiston oʻsha vaqtlarda Amerikaning SENTO boʻyicha ittifoqdoshi edi. Lekin sobiq Ittifoqning obroʻyi Amerikaniki bilan teng edi", — deydi eskpert.
Suhbatdoshning taʼkidlashicha, ikki mamlakat oʻrtasidagi urush eng qizgʻin nuqtaga yetganida, tomonlar endi buni qanday toʻxtatish yoki endi qanday yoʻl tutish kerakligi haqida oʻylanib turgan bir vaqtda, SSSR Hindiston va Pokistonni yarashtirish tashabbusi bilan chiqadi. 1966 yilning yanvarida Toshkent konferentsiyasini oʻtkazish qarori qabul qilinadi va unda bir-biri bilan urushayotgan tomonlar ishtirok etishga rozilik beradilar.

Toshkentga uchib kelgan delegatsiyaga SSSR Vazirlar mahkamasi raisi Aleksey Kosыgin rahbarlik qilgan.
Ekspertning aytishicha, Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralargacha har ikkala tomon bilan aloqada boʻlib turgan Kosыgin Hindiston tomonga ham, Pokiston tomonga ham mabodo agar ular Toshkentda bir stol atrofida jamlanishni istashmasa, Moskva har ikki davlat oʻrtasidagi muzokaralarda vositachi boʻlishga tayyorligini ham maʼlum qilgan.
Nega aynan Toshkent tanlangan edi?
Bugungi kunda Oʻzbekiston SSR, Sharof Rashidov rahbarligi davrida Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni haqida gap boradigan boʻlsa, siyosatchilar va ekspertlar aynan Rashidov davrida Oʻzbekistonning xalqaro sahnadagi obroʻyi oshib ketgani haqida eʼtirof etishadi. Nega deganda Hindiston bosh vaziri Lal Bahodur Shastri va Pokiston prezidenti Muhammad Ayub-xon oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda Oʻzbekiston SSR rahbari — Sharof Rashidov ham faol ishtirok etgan.
"Nega aynan Toshkent tanlangan edi?" degan savolga javob berar ekan, ekspert bu shahar muzokaralar uchun qulay boʻlganligini taʼkidlab oʻtdi.
Ekspertga koʻra, oʻsha vaqtda diplomatik korpuslar, elchixonalar bilan toʻlib toshgan Moskvada, razvedkachilar ham borligi ehtimoldan xoli emasdi. Toshkent esa oʻsha vaqtlarda nafaqat SSSR hududi sanalgan, balki Hindiston va Pokistonga yaqin, diplomatik korpuslardan deyarli ozod shahar boʻlgan.
Tinchlik bitimi va Shastrining favqulodda oʻlimi
Tarixiy voqea guvohi boʻlgan Qodirovning soʻzlashicha, 1966 yilning qish faslida Toshkentga Pokiston prezidenti Ayub-xon keladi.

"Men oʻsha paytlarda talaba edim, Pokiston prezidenti va Hindiston Bosh vazirini kutib olish marosimida ishtirok etganman. Kosыgin boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga muzokaralardan 2 kun oldin yetib kelishgan edi.

Soʻngra Pokiston prezidenti Ayub-xon kelgan. Pokiston rahbari karnaylar sadosi ostida tantanali ruhda kutib olingan. Oʻshanda Ayub-xonning qanchalik hayron qolganiga guvoh boʻlganman. Karnay pokistonliklarda urushga chorlash uchun vosita ekan…
Oradan uch soat oʻtib Shastri boshchiligidagi delegatsiya kelgan. U ozgʻin jussali, vazni atigi 46 kilogramm boʻlgan kishi ekan. Goʻsht yemas ekan.
Toshkentda ikki kun qolishgan Shastri va Ayub-xon bitta zalda faqatgina kelganlarining ikkinchi kunida uchrashishdi. Bunda albatta, Kosыginning roli katta edi. U deyarli iloji boʻlmagan ishni amalga oshirdi: yarim tunga kelib Hindiston va Pokiston oʻrtasida tinchlik bitimi imzolandi.

Ushbu munosabat bilan katta banket uyushtirilib, banketdan keyin bir soat oʻtib, Shastri oʻzini yomon his eta boshlagan.
Ertasiga, 1966 yilning 12 yanvar kuni omma tinchlik muzokaralari yakuniga yetgani hamda Hindiston Bosh vazirining favqulodda vafot etganligi haqida xabardor etiladi.
Shastrining oʻlimi sababi
Siyosatshunosning soʻzlariga koʻra, 12 yanvar kuni koʻplab chet el ommaviy axborot vositalari Toshkentda Hindiston va Pokiston delegatsiyalari oʻrtasida oʻtkazilgan tinchlik muzokaralari yakunlangani sharafiga uyushtirilgan banketda Lal Bahodur Shastri zaharlanganligi toʻgʻrisidagi shov-shuvli maqolalar chop etishgan.
Ular shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi personalning bir guruhi qoʻlga olinganligi haqida xabar berishgan edi.
Sovet gazetalari esa: "SSSR Oliy kengash va Vazirlar Kengashi 1966 yil 11 yanvarda soat 1-30 da Toshkent shahrida taniqli davlat arbobi, Hindiston respublikasi bosh vaziri Lal Baxadur Shastri vafot etganligini chuqur qaygʻu bilan maʼlum qiladi", — degan xabarni oʻz sahifalarida joylashtirishgan edi.
"Tinchlik muzokaralari yakunlanganligi sharafiga uyushtirilgan banketdan soʻng Shastri oʻzini yomon his qila boshlagan va oradan bir yarim soatlarcha vaqt oʻtib favqulodda vafot etgan. Shov-shuvlar, sobiq Bosh vazirning zaharlangani haqidagi shov-shuvlar dalilsiz mish-mishlardan boshqa narsa emasdi. Shastrining yonida u oʻzini yomon his qila boshlaganda shifokorlar boʻlishgan va ular oʻlimga qattiq charchoq sabab boʻlgani haqida tibbiy xulosa berishgan", — deydi ekspert.

Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, 12 yanvar kuni motam marosimi tashkillashtirilgan va bunda yana talabalar ishtirok etganlar. "Shastri jasadi ortilgan tobutni Kosыgin va hind delegatsiyasi vakillaridan tashqari, yaqinlargacha Shastri bilan urushib kelgan va u bilan hatto koʻrishishdan bosh tortib kelgan Pokiston prezidenti Ayub-xon ham koʻtarib borgan edi".

Pokiston prezidenti va Kosыgin Shastrining jasadi ortilgan samolyotda Hindistonga uchishdi va u yerda dafn marosimida ishtirok etib qaytishdi, deydi suhbatdosh.
Toshkent deklaratsiyasida oʻrin tutgan fojeali holatga qaramay — Hindiston va Pokiston oʻrtasida tinchlik kelishuvi, shuningdek bunda vositachilik rolini bajargan sovet diplomatiyasi butun dunyoda katta shov-shuvga sabab boʻlgan edi. SSSRning xalqaro obroʻ-eʼtibori bir zumda kuchaydi.
Shastri esa oʻz oʻlimidan keyin "Bxarat Ratna" oliy darajadagi orden bilan mukofotlangan Hindistonning birinchi fuqarosiga aylandi. Uning xotirasiga Dehlida "Vidjay Gat" memorial majmuasi ochilgan, u oʻz hayot yoʻlini yakunlagan Toshkentda koʻchalarning biriga Shastri nomi berilgan, 1976 yilda esa, xuddi shu shaharda uning byusti oʻrnatilgan edi.

Bugungi kunda bu joyni Hindistondan keladigan barcha mehmonlar ziyorat qilishadi.