TOSHKENT, 11 mar — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-10 mart kunlari Tojikistonda boʻlgan davlat tashrifi ochiq, doʻstona va konstruktiv muhitda oʻtgan samarali muzokaralardan iborat boʻldi.
Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari barcha sohalardagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, doʻstlik, ahil qoʻshnilik va oʻzaro hurmatga asoslangan koʻp asrlik tarixiy va madaniy umumiylikdan kelib chiqan holda, quyidagilar toʻgʻrisida qoʻshma bayonot imzoladilar:
1. Abadiy doʻstlik shartnomasi.
2000-yil 15 iyunda imzolangan Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi Shartnoma qoidalariga tayangan holda, anʼanaviy doʻstlik, ahil qoʻshnilik va hamkorlik munosabatlarini imkon qadar yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga qatʼiy tayyor ekanliklarini tasdiqlaydilar.
2. Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma
Prezidentlar uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish va hamkorlikning barcha yoʻnalishlaridagi mavjud yuksak salohiyatni imkon qadar toʻla roʻyobga chiqarish maqsadida yaqin istiqbolda ikki davlat oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomani ishlab chiqishga kelishib oldilar.
3. Imomali Rahmon Shavkat Mirziyoyev islohotlari va siyosiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan, mamlakat salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Tojikiston Respublikasi rahbariyati mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuvlari boʻyicha uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
4. Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonning tashabbusini qoʻllab quvvatladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning Tojikiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Oʻzbekiston rahbariyati Tojikistonning 2018-2028-yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar oʻn yilligi toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
5. Oʻzaro savdo hajmi va ayrboshlanayotgan tovarlar soni oshiriladi
Tomonlar oʻzaro savdoda kuzatilayotgan ijobiy oʻsish surʼatini mamnuniyat bilan qayd etdilar hamda ikki tomonlama tovar aylanmasi nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va yaqin yillarda uning hajmini 500 mln. dollarga yetkazish uchun ulkan salohiyat mavjudligini taʼkidladilar.
Xususan, sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish, qoʻshma korxonalar va savdo uylarini yaratish, tashqi savdo infratuzilmalari va eksport-import operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini faol rivojlantirish, shuningdek, oʻzarolik asosida biznes-forumlar va sanoat mahsulotlarining milliy koʻrgazmalarini tashkil qilish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdilar.
Oʻzbekiston Hukumati bilan Tojikiston Hukumati oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish toʻgʻrisida Bitim imzolandi, oʻzaro tashkil qilingan milliy koʻrgazmalar va biznes-forumlarga yuqori baho berildi.
6. Transport-kommunikatsiyaviy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi
Davlat rahbarlari transport qatnovi sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish va mavjud avtomobil, temir yoʻl, havo qatnovi tranzit yoʻnalishlarini qayta tiklash va yangilarini yaratish masalalarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriq berdilar.
Toshkent — Dushanbe orasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovning ochilishi va “Gʻalaba – Amuzang” uchastkasida temir yoʻl qatnovining qayta ishga tushirilganini katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
7. Ijtimoiy-madaniy hamkorlik va axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi
Davlat rahbarlari madaniy-gumanitar sohada, ilmiy muassasalar, oʻquv yurtlari, ommaviy axborot vositalari, ijodiy va sport jamoalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari, kasaba uyushmalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar va tajriba almashinuvni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikning ustuvor xususiyatini qayd etdilar.
Oʻtgan 2017 yilda ikki mamlakatda oʻzaro madaniyat kunlari muvaffaqiyatli tashkil etilganiga yuqori baho berildi.
Tomonlar ilmiy va pedagogik kadrlarni tayyorlash, tadqiqotchilar, mutaxassislar, professor-oʻqituvchi kadrlar va talabalar bilan almashinuv, shuningdek, taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlar, malaka va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olish masalalari boʻyicha axborot almashinuvi sohalarida hamkorlik qiladilar va qulay sharoitlar yaratadilar.
8. Oʻzbek tilini Tojikistonda va tojik tilini Oʻzbekistonda oʻrganish uchun barcha sharoitlar yaratiladi
Ikki mamlakat Prezidentlari oʻzbek tilini Tojikistonda hamda tojik tilini Oʻzbekistonda oʻrganish va oʻrgatishni takomillashtirish, oʻzbek va tojik tillarida oʻqitiladigan umumiy taʼlim oʻquv muassasalari tizimini kengaytirish, oʻquv va badiiy adabiyotlar, davriy va ilmiy nashrlar bilan almashinuv boʻyicha hamkorlik oʻrnatish, ikki mamlakatning mumtoz adabiyot vakillari va zamonaviy mualliflari asarlarini tarjima qilishni qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratadilar.
Samarqandda S.Ayniy muzeyi qayta taʼmirlanadi, Dushanbeda esa A.Navoiy bogʻi barpo etiladi.
9. Ikki davlat orasida chegara muammosi boʻlmaydi
Tomonlar Oʻzbekiston va Tojikiston Davlat chegarasidan oʻtkazish punktlari faoliyatining qayta tiklanganini mamnuniyat bilan eʼtirof etib, ularning toʻlaqonli faoliyat yuritishi ikkala xalq manfaatlariga xizmat qilishini hamda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishini taʼkidladilar.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga koʻmaklashadigan, ikki davlat fuqarolarining 30 kunga qadar oʻzaro safarlari uchun vizasiz rejimning joriy qilinayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
10. Uyushgan jinoyatchilik va ekstremizmga qarshi birga kurash olib boriladi
Prezidentlar terrorizm va ekstremizm, narkotrafik, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy qurol savdosi, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatish, noqonuniy migratsiya hamda boshqa mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka oid xuruj va tahdidlarga qarshi kurashishda ham ikki tomonlama, ham xalqaro formatlarda hamkorlikni mustahkamlashga, shuningdek, oʻz hududlarida Tomonlarning milliy xavfsizlik manfaatlariga qarshi qaratilgan noqonuniy faoliyatni amalga oshirishga yoʻl qoʻymaslikka tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Ushbu maqsadlarda Oʻzbekiston va Tojikiston tegishli idoralarining maslahatlashuvlarini oʻtkazish orqali hamkorlikni takomillashtirish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻriladi.
11. Harbiy sohada hamkorlik rivojlanadi
Ikki davlat rahbarlari harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda, shuningdek, harbiy taʼlim sohasida oʻzaro manfaatli asoslarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
12. Chegaralar 2019 yilga qadar zararsizlantiriladi
Prezidentlar ikki mamlakatning chegaraoldi hududlarida muhandislik toʻsiqlari uchastkalarini zararsizlantirish masalasi boʻyicha Oʻzbekiston-Tojikiston qoʻshma ishchi guruhi tuzlishini mamnuniyat bilan eʼtirof etdilar va mazkur ishlarni 2018-2019 yillarda yakunlash lozimligini qayd etdilar.
13. Favqulodda vaziyatlarda hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi
Prezidentlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf qilish sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va aniq tadbirlarni amalga oshirish muhimligini taʼkidladilar.
14. Markaziy Osiyo xavfsizligi borasida ikki tomon – yakdil
Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni taʼminlashga doir dolzarb masalalar boʻyicha pozitsiyalarining bir-biriga mos kelishi yoki yaqinligini tasdiqladilar.
Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoda barcha ichki mintaqaviy muammolarni hal etish mintaqa davlatlarining faqatgina oʻzlari tomonidan ochiq va konstruktiv muloqot orqali teng huquqlilik, oʻzaro manfaatdorlik va bir-birlarining manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish printsiplari asosida amalga oshirilishi mumkin va lozimligini taʼkidladilar.
15. Suv-energetika masalalari mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak
Prezidentlar suv-energetika resurslaridan kompleks foydalanish mintaqaviy barqarorlikning asosi ekanligini taʼkidladilar. Ushbu sohada ochiq muloqot, oʻzaro anglashuvni mustahkamlash va konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, oʻzaro maqbul, adolatli va oqilona yechimlarni topish muhimligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston tomoni Tojikiston Respublikasida gidrotexnik inshootlar, shu jumladan, Rogʻun gidroelektr stantsiyasining qurilishida, umumʼtirof etilgan xalqaro normalar va mazkur obʼyektlarni qurish boʻyicha standartlarga rioya qilinishini hisobga olgan holda, ishtirok etish imkoniyatini har tomonlama koʻrib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.
Davlat rahbarlari mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda konstruktiv muloqot oʻrnatishga koʻmaklashadigan Markaziy Osiyo transchegaraviy suv resurslaridan kompleks tarzda va samarali foydalanish boʻyicha huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish zarurligini taʼkidladilar.
Tomonlar Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi (Toshkent, 2018 yil 5-8 iyun) va 2018-2028 yillarda «Suv barqaror rivojlanish uchun» xalqaro harakatlar oʻn yilligi boʻyicha oliy darajadagi xalqaro konferentsiya (Dushanbe, 2018 yil 20-22 iyun) oʻtkazilishini mamnuniyat bilan eʼtirof etadilar.
16. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik rivojlanadi
Prezidentlar xalqaro masalalarda har qanday qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni faqatgina siyosiy yoʻl bilan, muzokaralar va boshqa tinch vositalar orqali hal qilish mumkin, degan yakdil fikrdalar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida Oʻzbekiston va Tojikiston hamkorligini yanada rivojlantirishga oʻzaro intilishlarini bildirdilar.
Tomonlar «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» nomli Afgʻoniston boʻyicha oliy darajadagi xalqaro konferentsiya (Toshkent shahri, 2018 yil 26-27 mart) hamda Terrorizm va radikalizmga qarshi kurashish masalalari boʻyicha oliy darajadagi xalqaro konferentsiya (Dushanbe shahri, 2018-yil 3-4-may) oʻtkazilishini mamnuniyat bilan eʼtirof etadilar.
17. Shartnomalar oʻz vaqtida vijdonan bajariladi
Davlat rahbarlari Tomonlar oʻrtasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni oʻz vaqtida va vijdonan bajarishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda oʻzaro qiziqish uygʻotadigan sohalarda Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarini jadallashtirish uchun shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va kengaytirish maqsadga muvofiq ekanligini taʼkidladilar.
18. Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni Oʻzbekistonga taklif qildi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonga va butun Tojikiston xalqiga Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilgan mehmondoʻstlik, samimiy va doʻstona qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonda boʻlishni taklif qildi. Tashrifning aniq muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.