TOSHKENT, 14 mar — Sputnik. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi tojikistonlik va oʻzbekistonlik savdogarlar oʻzaro mushtlashishgani haqida OAVda tarqalgan xabarlarga raddiya berdi.
Avvalroq ayrim OAVda Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi chegara ochilganidan soʻng Konibodom shahrida ikki davlat savdogarlari oʻrtasida mushtlashuv boʻlgani haqida xabar paydo boʻlgandi
"Goʻyoki oʻzbekistonlik tadbirkorlar Konibodom bozorida oʻz mahsulotlarini arzon narxda sotayotganidan norozi boʻlgan tojikistonlik tadbirkorlar ular bilan mushtlashishganligi aytiladi",— deyiladi raddiyada.
Vazirlikning bildirishicha, mazkur xabarning haqiqatga nechogʻli yaqinligini tekshirish maqsadida Soʻgʻd viloyati ichki ishlar organlari xodimlari Konibodom shahri va boshqa chegaradosh hududlarda boʻlishdi. Tekshiruvlar natijasida tarqatilgan xabar yolgʻonligi va haqiqatga mos kelmasligi maʼlum boʻldi.