TOSHKENT, 29 mar — Sputnik. Oʻzbekiston Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida "Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Majlis ishtirokchilarini qonun loyihasi bilan Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi Farrux Dadaxoʻjayev tanishtirdi.
Mazkur qonun Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) faoliyatining huquqiy va qonuniy asoslari, maqomi, faoliyat predmeti, vakolatlarini aniq belgilab beradi.
Qonunga koʻra, DXXning asosiy vakolati etib, razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish kiradi.
DXX Oʻzbekiston Jinoyat Kodeksining faqat 17 moddasi boʻyicha tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirishi mumkinligi belgilandi.
Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish DXX faoliyatining asosiy yoʻnalishlari sifatida qayd etildi. Terrorizmga qarshi kurashish, xalqaro hamkorlikni amalga oshirish borasida DXX zimmasiga muhim funktsiyalar yuklanmoqda.
Shuningdek, qonunda DXX prezidentga bevosita hisobdor ekanligi va prezident DXX faoliyati ustidan bevosita nazoratni amalga oshirishi belgilangan.