TOSHKENT, 2 apr — Sputnik. Bugun, 2 aprel kuni Toshkentdagi "Mega Planet" va "Vega Centre" savdo markazlarida IIBB YOXB, FVB, "Oʻzdavenergonazorat" Toshkent shahar boʻlimi, gaz avariya xizmati hamda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stantsiyasi xodimlari hamkorligida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi, deb xabar qildi FVV matbuot xizmati.
Mashgʻulotlarda markaz xodimlari yongʻin kelib chiqqanda uni bartaraf etish, fuqarolarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish mashqlarini bevosita mutaxassislar bilan birgalikda bajarishdi.
"Alohida eʼtibor fuqarolar bilan ishlashga qaratildi: yongʻin yuz berganda sarosimaga tushmasdan, bolalar va katta yoshdagilarni binodan tashqariga olib chiqish yoʻllari koʻrsatib berildi", — deyiladi xabarda.



Bundan tashqari, mashgʻulot doirasida ushbu binolardagi yongʻinga qarshi xavfsizlik tizimlari, evakuatsiya rejalari, yongʻin oʻchirish vositalari holatining sozligi, zaxira chiqish yoʻllari va koʻrsatkichlarining mavjudligi tekshiruvdan oʻtkazildi.