TOSHKENT, 3 apr — Sputnik. Oʻzbekistonda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tashkil etilmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiri prezident farmoniga tayangan holda.
Vazirlik vazifalariga shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyiha va qarorlarni qurilish faoliyatiga joriy etish kiradi.
Shuningdek, vazirlik respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish bilan shugʻullanadi.
Vazirlikning tashkil etilishi qurilish sohasida davlat boshqaruvini tashkil etishda zamonaviy shaharsozlik uslublari, normalari va qoidalarini keng joriy qilishga, raqobatni rivojlantirishga, yangi subʼyektlarning innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar bilan bozorga kirib kelishiga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar mavjudligi bilan bogʻliq.
Xususan, shaharsozlik faoliyati, loyiha va pudrat xizmatlari bozori, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishning holati hamda rivojlanish tendentsiyalari kompleks tahlil qilinmagan, oqibatda hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirishning oʻrta muddatli va istiqbolli yoʻnalishlari belgilanmagan. Arxitektura va qurilish organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi qurilish va rekonstruktsiya jarayonlarini toʻliq kuzatib borishni taʼminlash, shuningdek, qurilish-montaj ishlari sifatini samarali nazorat qilish uchun mavjud resurslarni safarbar etishga imkon bermayapti.
Shuningdek, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning amaldagi tizimi arxitektura-qurilish sohasini jadal rivojlantirish vazifalarini samarali roʻyobga chiqarishga imkon bermayapti, kadrlarni moddiy ragʻbatlantirish darajasining pastligi esa malakali mutaxassislarning tizimdan ketib qolishiga olib kelmoqda.