TOSHKENT, 5 apr — Sputnik. Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish boʻyicha mexanizmni tashkil etish jarayonidagi muammolarni hal etishning birgalikdagi yechimlari ishlab chiqildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda bildirilishicha, Rostrud va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi oʻrtasida axborot almashuviga oid Bitimni amalga oshirish masalalari boʻyicha Ishchi guruhi va Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislari oʻtkazildi.
Rossiya Federatsiyasi Mehnat va bandlik boʻyicha federal xizmati delegatsiyasiga mazkur idora rahbarining oʻrinbosari M.Ivankov rahbarlik qilmoqda.
Uchrashuvda Oʻzbekiston tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhiddinov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi R.Ibragimov va boshqalar ishtirok etdilar.
"Ishchi guruhi va Muvofiqlashtiruvchi kengash majlislarida Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston fuqarolarini tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilish boʻyicha mexanizmni tashkil etish jarayonida yuzaga kelgan va aniqlangan muammolar va masalalar muhokama etildi va ularni hal etishning birgalikdagi yoʻllari hamda yechimlari ishlab chiqildi", — deyiladi xabarda.
Ishchi guruhi va Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari, shuningdek Samarqand shahridagi Mehnat migrantlarini tayyorlash va joʻnatish markaziga tashrif buyuradilar hamda shaharning eʼtiborga loyiq yodgorliklarini ziyorat qiladilar.