TOSHKENT, 10 apr – Sputnik. Oʻzbekistonda 1 maydan boshlab qarzdorlarga chet elga chiqish va bank xizmatlari koʻrsatish taʼqiqlanishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida joylashtirilgan yangi qonun loyihasiga koʻra, 2018 yilning 1 mayidan boshlab Oʻzbekistonda “Qarzdorlar maʼlumot bazasi” tashkil qilinadi.
Ushbu bazaga kiritilgan maʼlumotlar barcha uchun ochiq boʻlib, unga kiritilgan shaxslarga chet elcha chiqish, kredit berish, sugʻurtalash, lizing xizmatlari koʻrsatish va yirik summali shartnomalar imzolash taʼqiqlanadi.
Qarz miqdori eng kam ish haqqining 2 baravaridan koʻp boʻlgan jimoniy shaxslar va 5 baravaridan koʻp boʻlgan yuridik shaxslar “Qarzdorlar bazasiga” kiritiladi.
Qarz sifatida — fuqaroning qonuniy majburiyati boʻlgan, lekin u amalga oshirmagan har qanday toʻlov, jumladan kommunal xizmatlar, elektr, gaz va boshqa xizmatlar uchun toʻlovlar hisoblanadi.
Yirik summali shartnomalar deganda – qonunda boʻlgilangan tartibda, davlat roʻyxatidan oʻtkazish va notarial tasdiqlash kerak boʻladigan shartnomalari tushuniladi. Masalan, uy, avtomobil yoki boshqa narsalar sotib olish, sotish.
Yuqorida keltirilgan cheklovlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun “Qarzdorlar bazasiga” kiritilgan vaqtidan boshlab undan chiqarish vaqtiga qadar amal qiladi.