TOSHKENT, 12 apr – Sputnik. Buxoroning Peshku tumanida istiqomat qiluvchi, 70 yoshli otaxon Qudratov Muhammad Qulnazarovich Oʻzbekiston boʻylab velosipedda sayohatga chiqdi, deb xabar qilmoqda Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi.
Muhammad ota “Buxoro – Samarqand – Toshkent – Namangan – Fargʻona – Andijon – Termiz – Qarshi – Buxoro” shaharlarini velosipedda aylanib chiqishni rejalashtirgan.
Bugungi kunga qadar Muhammad ota, “Buxoro – Samarqand” yoʻnalishida hamda Buxoro viloyatidagi “Yetti Pir” ziyoratgohlariga velosipedda borib-kelishga ulgurgan.
Qoʻmita xabariga koʻra, otaxon oʻzining ushbu sayohati orqali Oʻzbekistonda ichki turizmni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshmoqchi. Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi ushbu otaxon sayohatini tizimli ravishda yoritib borishni rejalashtirgan.