TOSHKENT, 19 apr — Sputnik. Oʻzbekiston Mongoliyaga avtomobil va meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib beradi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Oʻzbekistonning qarorgohi Pekinda joylashgan Mongoliyadagi elchixonasi tashabbusi bilan qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.
Xabar qilinishicha, Oʻzbekistonning Mongoliyadagi elchisi Baxtiyor Saidovning ushbu mamlakat hukumati vakillari bilan uchrashuvida hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Uchrashuvda Mongoliyaning yirik kompaniyalari vakillari ishtirok etgan. Muzokaralar natijasida Mongoliyaning "Nomin Xolding" kompaniyasi delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya Oʻzbekistonning turli viloyatlaridagi sanoat korxonalarida boʻldi. "Oʻzavtosanoat" kompaniyasi rahbari Umid Salimov bilan uchrashuvda Mongoliyaga oʻzbek avtomobillarini yetkazib berish boʻyicha bitim imzolandi.
Bundan tashqari, "Oʻzbekoziqovqatxolding" vakillari bilan uchrashuvda Mongoliya delegatsiyasiga Oʻzbekistonning biologik sof mahsulotlari namoyish etildi. Yakunda "Oʻzagroeskport" va "Nomin Xolding" kompaniyalari oʻrtasida Mongoliyaga 10 million dollarlik quritilgan meva va sarxil meva-sabazvotlar yetkazib berish boʻyicha shartnomalar imzolandi.