TOSHKENT, 15 may — Sputnik. Shu yil 7-11 may kunlari davomida birjaning onlayn auktsionlari orqali 50 ta avtomobil raqamlari sotildi, deb xabar qildi "OʻzRTXB" AJ matbuot xizmati.
Bulardan 41 tasi jismoniy shaxslarga, 9 tasi yuridik shaxslarga sotilgan. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 678 million soʻmdan oshdi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning deyarli 62% birinchi toifadagi avtoraqamlar, 30% bitimlar ikkinchi toifa avtoraqamlar va 8% bitimlar 3-toifa avtoraqamlar boʻyicha tuzilgan.
Xaridorlar tarkibida yetakchilikni Toshkent va Toshkent viloyati avtohavaskorlari egalladi va ularning tuzilgan bitimlar sonidagi ulushi 40%ga teng. Keyingi oʻrinda Samarqand va Fargʻona viloyatlari avtohavaskorlari har biri 12% ulush bilan joylashdi. Uchinchi oʻrin Buxoro va Namangan viloyatlari avtohavaskorlariga tegishli boʻlib, har birining ulushi 10%ni tashkil qiladi. Boshqa hududlarning ulushi 16%ga teng.