Bekoboddagi maktabning barcha rahbarlari va ikki o‘qituvchisi ishdan bo‘shatildi

© Spuntik / Vladimir FedorenkoPustoe kreslo
Pustoe kreslo - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘tkazilgan tekshiruv ishlari natijasida shuningdek, maktab uchun davlat tomonidan ajratilgan 21 mln so‘m miqdoridagi pul mazkur ta’lim maskanining rahbarlari tomonidan talon-toroj qilinganligi ham aniqlandi.

TOShKENT, 19-may — Sputnik. Toshkent viloyati Bekobod shahar prokuraturasi Bekobod shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tergov oldi tekshiruv ishlari haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018-yil 3-may kuni Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi M.Hamdamova shu maktabdagi 1-"j" sinfining to‘rt nafar o‘quvchisini uy vazifasini tayyorlab kelmaganlikda ayblab, jazo sifatida sinfdagi barcha o‘quvchilarning ko‘z o‘ngida "ikki" bahoni ruchkada ularning peshonasiga yozib qo‘ygan.

Ushbu voqeadan xabar topgan mazkur maktabning yana bir o‘qituvchisi S.Rahmonova kasbdoshi M.Hamdamovaga nisbatan bo‘lgan eski adovati sababli ertasi kuni o‘sha o‘quvchilarni o‘z huzuriga chaqirib, ularning peshonalariga "ikki" raqamini qaytadan yozadi va shu ko‘rinishlarida ularni uyali telefon yordamida suratga oladi. Olingan suratni esa internetdagi tarmoqlarga kasbdoshi M.Hamdamova nomidan joylashtirgan.

Xabar qilinishicha, o‘quvchilarini xo‘rlab, huquqini poymol qilgan o‘qituvchilar S.Rahmonova va M.Hamdamovalar ta’lim xodimi, degan nomga noloyiq deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligidagi tegishli moddalarga muvofiq ishdan bo‘shatildilar.

Ta’lim xodimlarining shunday qabih ishlarni qilishlariga zamin yaratib bergan maktab direktori D.Babamuratova hamda besh nafar direktor o‘rinbosarlari ham o‘z lavozimlaridan ozod etildilar.

Ta’lim-tarbiya ishlaridagi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklari uchun Bekobod shahar xalq ta’limi mudiri M.Qo‘ziboyevga esa intizomiy jazo chorasi sifatida "Hayfsan" e’lon qilindi.

O‘tkazilgan tekshiruv ishlari natijasida shuningdek, maktab uchun davlat tomonidan ajratilgan 21 mln so‘m miqdoridagi pul mazkur ta’lim maskanining rahbarlari tomonidan talon-toroj qilinganligi ham aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan Bekobod shahar prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

Yangiliklar lentasi
0