TOSHKENT, 24 may — Sputnik. 23-24 may kunlari Toshkent shahrida YUNESKO Xalqaro tashkiloti va Kasb-hunar taʼlimi markazi hamkorligida "Taʼlim — 2030" dasturi doirasida xalqaro anjuman oʻtkazildi.
YUNESKO rahbariyati tomonidan ilgari surilgan "Taʼlim — 2030" dasturining tarkibiy qismi boʻlgan "Kasb-hunar hamda texnik taʼlim va oʻqitish" yoʻnalishidan koʻzlangan asosiy maqsad ham yoshlarga butun umr davomida sifatli taʼlim olish imkoniyatini yaratish va ularning bandligini taʼminlash hamda tadbirkorlikka keng jalb etishdan iborat.
Oʻz navbatida anjumanda qatnashayotgan Yevropa, Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar vakillari bilan birga Oʻzbekistonda amalga oshirilayogan mazkur yoʻnalishdagi islohotlar istiqbollari va galdagi vazifalar muhokama etildi.
Shuningdek, anjumanda butun umr davomida taʼlim olishni takomillashtirishning istiqbollari Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi alohida davlatlarda (misol uchun, Eron, Hindiston, Qirgʻiziston, Malayziya, Qatar, Koreya Respublikasi, Shri-Lanki, Tailand va Vyetnam) oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Bu jarayonda Kasb-hunar taʼlimi markazi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston kollej bitiruvchilarini munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish borasidagi Xalqaro tajriba, uni Oʻzbekistonda joriy etish istiqbollari ham kun tartibidagi eng dolzarb vazifa sifatida qaralmoqda.