TOSHKENT, 24 may — Sputnik. 26-31 may kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida boks boʻyicha "Sankt-Peterburg gubernatori kubogi" bahslarida Oʻzbekiston terma jamoasi eng kuchli tarkib bilan ishtirok etadi. Bu haqda Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur musobaqada Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerikaning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan bokschilar qatnashadi.
Unda Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida Hasanboy Doʻsmatov, Jasurbek Latipov, Mirzobek Mirzahalilov, Shahobiddin Zoirov, Shunqor Abdurasulov, Aliyor Noraliyev, Iqboljon Xoldorov, Mahmud Gʻoipov, Fazliddin Meliboyev, Isroil Madrimov, Bektemir Meliqoʻziyev, Sanjar Tursunov, Bahodir Jalolovlar ishtirok etishadi.
Bokschilar musobaqada murabbiylar Marat Qurbonov, Toʻlqin Qilichev, Rahmatjon Roʻzioxunov va Bahodir Erkayev qoʻl ostida ringga chiqadilar.
Shuningdek, Alisher Polvonov turnirda hakam sifatida faoliyat olib boradi.
Marat Qurbonov boshchiligidagi terma jamoa murabbiylar shtabi ushbu turnir orqali Osiyo oʻyinlarida ishtirok etadigan bokschilar jismoniy va funktsional holatini yana bir bor sinovdan oʻtkazishadi.