O‘zbekistonda bolalarni sog‘lomlashtirish uchun 65 milliard so‘m yo‘naltiriladi

© press-slujba lagerya AmudaryoDetskiy ozdorovitelniy lager Amudaryo
Detskiy ozdorovitelniy lager Amudaryo - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi hamkorligida O‘zbekiston respublikasi hududlaridagi mahallalardan 700 nafar o‘g‘il-qiz bepul dam oldiriladi

TOShKENT, 25-may — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 2018-yilda O‘zbekistonda yespublika miqyosida jami 1 ming 313 ta oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, bu borada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tegishli idoralar bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirildi, deb xabar qildi Federatsiya matbuot-xizmati.

"Joriy yilgi mavsum davomida respublika miqyosida jami 1 ming 313 ta oromgoh, shu jumladan,  206 ta statsionar turidagi, 978 ta kunduzgi, 129 ta "Mehnat va dam olish" oromgohlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu joriy yilda faoliyat ko‘rsatuvchi oromgohlar soni 23 taga ko‘payganidan dalolat beradi. Ushbu oromgohlarda jami 301 ming 589 nafar bola sog‘lomlashtiriladi. Ularning 153 ming nafardan ortig‘i statsionar, 148 mingdan ziyodi  kunduzgi oromgohlarga jalb etiladi", — dedi Federatsiya vakili Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

Ushbu maqsadlar uchun jami 65 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. 

Suhbatdoshning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasida Respublika shtabi, hududiy kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalarida hududiy shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

"Alohida ta’kidlash zarurki, Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi tomonidan oromgohlarda bolalar xavfsizligini ta’minlash, oromgohlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uzluksiz ravishda yetkazib berish, malakali kadrlarni jalb etish va oromgohlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi", — dedi suhbatdosh.

Ta’kidlanishicha, mavsumga tayyorgarlik jarayonida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yoz mavsumi davomida respublika oromgohlarida bolalarni sog‘lomlashtirish va dam oldirish ishlari sifatini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 26-may kuni bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus o‘quv-uslubiy seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mazkur seminarlarda asosiy e’tibor bolalar oromgohlarida faoliyat yurituvchi xodimlar va mutaxassislarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish masalasiga qaratiladi. Ularga sohaga oid yangiliklar yetkaziladi. Shuningdek, mutaxassislar tegishli vazirliklar tomonidan yangilangan tarqatma materiallar,ya’ni, uslubiy qo‘llanma va tavsiyalar, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha maxsus ssenariylar, bolalar uchun filmlar to‘plamlari bilan ta’minlanadi. 

Bolalarning ovqatlanish ratsionini boyitish, ularning salomatligini mustahkamlash borasida ham joriy yilda bir qator yangiliklar joriy qilingan. Xususan, taomnomalarda darmondorilarga boy taomlar, damlama va salatlar turlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Oromgohlarda bolalar salomatligini mustahkamlash masalasiga e’tibor kuchaytirilib, ularning salomatligi doimiy ravishda malakali shifokor va hamshiralar nazoratida bo‘ladi. Shu maqsadda sog‘lomlashtirish maskanlaridagi tibbiyot xonalari barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar, dori-darmonlar, maxsus zardob dori vositalari bilan ta’minlanmoqda", — deydi suhbatdosh.

Joriy yilgi mavsumda ijtimoiy himoyatalab oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston hukumatining alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida Orolbo‘yi mintaqasidan 4 ming nafar bola Toshkent shahri, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi korxona va tashkilotlarga qarashli so‘lim va bahavo oromgohlarda bepul dam oldiriladi. Orolbo‘yi hududidagi ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan 500 nafar bolajonlar esa “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi tomonidan bepul hordiq bilan qamrab olinadi.

Kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy himoyatalab oilalardan bo‘lgan 40 ming nafar bolajon jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali bepul va imtiyozli sog‘lomlashtiriladi. Shuningdek, Mehribonlik uylarining 1950 nafar tarbiyalanuvchisi hamda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar bepul yo‘llanma bilan ta’minlanadi.

2,5 ming nafar ona-bolalar kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda salomatligini mustahkamlaydi. Bepul yo‘llanmalar asosida dam olish imkoniyatidan mahallalarda yashayotgan kam ta’minlangan oilalar farzandlari va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar ham foydalanadilar. Xususan, kasaba uyushmalari hamda "Mahalla" xayriya jamoat fondi hamkorligida respublika hududlaridagi mahallalardan 700 nafar o‘g‘il-qiz bepul dam oldiriladi.

Bundan tashqari Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlaridagi ehtiyojmand oilalarning 500 nafar farzandi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining, Jizzax viloyatidagi kam ta’minlangan oilalarning 100 nafar farzandlari "Jizzax akkumulyator zavodi" AJning homiylik mablag‘lari  hisobidan bepul sog‘lomlashtiriladi. 

Shuningdek, Kasaba uyushmalari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda 16-18 yoshli kollej o‘quvchilari uchun Mehnat va dam olish oromgohlari tashkil etiladi. Bu yerda o‘quvchilar hordiq bilan birga o‘zlari tanlagan kasb-hunarlar bo‘yicha ko‘nikmalarini oshiribgina qolmay, ishlab chiqarish amaliyotini ham o‘tadilar. Hordiq davomida ular uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari uyushtiriladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan an’anaviy ravishda Toshkent viloyatidagi "Quyoshli" oromgohida Respublika intellektual rivojlantirish oromgohi tashkil etiladi hamda turli fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan "Bilimlar bellashuvi" g‘oliblari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning bepul sog‘lomlashtirilishi ta’minlanadi. Bunday oromgohlar faoliyati har bir hududda yo‘lga qo‘yiladi.

Mavsumni samarali o‘tkazishda vazirliklar va idoralar hamda jamoat tashkilotlari imkoniyatlaridan samarali foydalaniladi. Xususan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan oromgohlarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 1500 nafarga yaqin ichki ishlar xodimlari biriktirilib, avtotransport va aloqa vositalari bilan ta’minlandi.

Mavsum davomida har bir oromgohda nafaqat ichki ishlar idoralari, balki yong‘in xavfsizligi, tibbiyot, kommunal soha xodimlarining ham kechayu-kunduz navbatchiligi tashkil etiladi. Bolalarni oromgohga olib borish va olib kelish ishlari yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari kuzatuvi ostida amalga oshiriladi. Shuningdek, barcha oromgohlarda yong‘in xavfsizligi choralari ko‘rilib, yong‘in xavfsizligi burchaklari tashkil etildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan barcha oromgohlarda ta’lim-tarbiya jarayonini mazmunli tashkil etish, malakali kadrlarni yo‘naltirish choralari ko‘rildi. Shu maqsadda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar qayta ko‘rib chiqilib, mazmunan takomillashtirildi. Ayniqsa, to‘garaklarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratilib, chet tilini o‘rgatish va ixtisoslashtirilgan oromgohlar dasturlari yanada kengaytirildi. Ta’lim – tarbiya ishlarini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida oromgohlarga 29 mingdan ortiq yuqori malakali pedagog kadrlar, yetakchi va to‘garak rahbarlari, chet tillari mutaxassislari jalb etilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan oromgohlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishini muntazam nazorat qilish maqsadida oromgohlarga 3300 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari jalb etilgan. Ular tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari sifati, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi, oromgohda ishlovchi xodimlar va dam oluvchi bolalarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi kabi masalalar nazoratga olinib, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishi ta’minlanadi. Shuningdek, oromgohlarda dam olib, sog‘lomlashtirilayotgan bolajonlarning salomatligi doimiy nazoratga olinadi.

Madaniyat vazirligi tomonidan oromgohlarda yosh ijrochilar, madaniyat va san’at arboblari ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va suhbatlar tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, bolalar ma’naviyatini yuksaltirishga, ular o‘rtasida kitob mutoalasiga bo‘lgan qiziqishni oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar turkumi, salomatliklarini mustahkamlashga qaratilgan sport musobaqalari va turnirlar o‘tkaziladi. Shu maqsadlarda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish uchun har bir oromgohni qamrab olgan Manzilli dastur ishlab chiqildi. Uning doirasida  oromgohlarda ijodiy jamoalar, san’atkorlar, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, qiziqarli tadbirlar  tashkil etib borilishi rejalashtirlgan.

Ta’kidlash lozimki, mavsum davomida o‘tkazilishi rejalashtirlgan tadbir va aksiyalar o‘g‘il-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishga, ular dunyoqarashini kengaytirish hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan. Ushbu tadbirlar tubdan yangilangan dasturlar asosida o‘tkaziladi. “Mustaqillik mening taqdirimda”, “O‘zbekiston — baxtiyor bolalar mamlakati”, “Kasaba uyushmalari — bolalarga” kabi aksiyalar,  yozuvchilar, san’atkorlar, sport ustalari, yoshi ulug‘ insonlar, urush va mehnat faxriylari, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlari, madaniy tadbirlar shular jumlasidandir.

"Barcha oromgohlarda bolalar uchun “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan maxsus ishlab chiqilgan 34 nomdagi hujjatli, badiiy va animatsion filmlar namoyish etib boriladi. Va albatta yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari bolalarga mos qo‘shiq, she’r va musiqalar yozilgan disklar, O‘zbekistonda inson manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatini bolalarga tushuntirib beruvchi baner va plakatlar, stendlar va ko‘rgazmali vositalar bilan ta’minlangan", — dedi suhbatdosh.

Yangiliklar lentasi
0