TOSHKENT, 14 iyun – Sputnik. Belarusning "BelAZ" xoldingi 2020-2023 yillarda Oʻzbekistonga samosvallar yetkazib beradi, deb xabar berdi Belarus telegraf agentligi.
Kompaniya bosh direktori Petr Parxomchikning maʼlum qilishicha, 2017-2018 yillar uchun 260 dona ogʻir karyer samosvallari yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangan boʻlib, shartnoma 70%ga bajarildi.
Belarus oʻtgan yili Oʻzbekistonga 106 texnika yetkazib bergan boʻlsa, joriy yilning yanvaridan may oyiga qadar 64 dona texnika yetkazildi.
Iyun oyida Oʻzbekistonga Belarus delegatsiyasi tashrif buyurdi. Belarus bosh vaziri Andrey Kobyakov oʻzaro savdo hajmini oshirishni taklif qildi va ikki mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuqori baholadi.
Minsk Toshkent bilan paxta tolasi, yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, yongʻoq, sut, goʻsht mahsulotlari yetkazib berishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, mamlakatlar hamkorlikda farmatsevtika va qandolat korxonalari ochishni rejalashtirmoqda.
Shu yilning sentyabr oyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.