TOSHKENT, 14 iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev tez kunlarda fuqarolar uchun qabul kunlarini belgilashga vaʼda berdi.
"Hokimlikka saylanganimdan keyin, toʻgʻrisini aytaman, mahallama-mahalla yurishga toʻgʻri keldi — xalqni, mahallalardagi insonlarni qanaqa yashashini, joyida muammo qandayligini bilish uchun. Fuqarolarni xonamda, muzdekkina konditsionerni yoqib qoʻyib, oʻtirib qabul qilishim ham mumkin, muammolarni yechib-yechmay koʻzboʻyamachilik qilib, lekin men xalq aslida qanday yashayapti bilishni xohlayman. Shuning uchun ular mening yonimga emas, men ularni yoniga borishni xohladim", — dedi Artikxodjayev.
Hokim shu kunlarda "Obod mahalla" dasturi bilan shugʻullanayotgani, shu ishlarni joy-joyiga qoʻygach, albatta xalqni qabul qilishini aytib oʻtdi.
XPK raisi Qudratxodjayevning "Shu kunlarda Toshkent hokimligining eshiklari orqa tomondan emas, old tomondan ochilibdi, bu degani fuqarolar uchun ham ochilganda endi?", degan savoliga javoban Artikxodjayev bu "anʼana" kecha emas, balki 20 yil davomida shakllanganligini, ammo endi hokimiyat va xalq oʻrtasida toʻsiqlar boʻlmasligini taʼkidladi.
"Oldin aka-uka, qoʻni-qoʻshnilarning uylarida devor ham boʻlmasdi. Hozir endi devor bor, bir-birini toʻsgan… Hokimiyat va boshqa idoralarni oldidagi panjaralarning yopiq boʻlishiga yillar sabab boʻlgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosatlari esa mana shu devorlarni olib tashlashga qaratilgan. Asosiy siyosatlari xalq bilan hokimiyat bir boʻlishida. Shuning uchun biz sekin-asta bu devorlarni ochib tashlaymiz, niyatimiz xalq bilan birga boʻlish", — deb gapini yakunladi Toshkent rahbari.